Atom elektromobili krash-testlardan muvaffaqiyatli oʻtdi: Seriyali ishlab chiqarish yaqin

Rossiyaning yangi avlod elektr transporti loyihasi boʻlmish Atom elektromobili barcha zaruriy sertifikatsiya krash-testlaridan muvaffaqiyatli oʻtdi. Ishlab chiqaruvchi “Kama” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabariga koʻra, ushbu sinovlar yakunlanishi modelni seriyali ishlab chiqarish va sotuvga chiqarish yoʻlidagi eng muhim toʻsiqlardan biri bartaraf etilganini anglatadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Sinov jarayonlari Rossiya davlat ilmiy markazi “NAMI” poligonida oʻtkazildi. Mutaxassislar avtomobilning nafaqat xavfsizlik darajasini, balki uning resurs imkoniyatlari, iqlimiy chidamliligi va korroziyaga qarshi xususiyatlarini ham batafsil oʻrgandilar. Ixbt.com maʼlumotiga koʻra, sinovlar uchun ikkita seriyali namuna tanlab olingan boʻlib, ularning har biri alohida yoʻnalishda tekshiruvdan oʻtkazilgan.
Konstruksion murakkablik va xavfsizlik yechimlari
Birinchi avtomobil soatiga 56 km tezlikda, old qismining 40 foizli qoplamasi bilan toʻqnashuvni simulyatsiya qiluvchi frontal krash-testdan oʻtdi. Ikkinchi namuna esa 50 km/ch tezlikda harakatlanayotgan 950 kilogrammli arava yordamida yon tomondan zarba qabul qildi. Taʼkidlash joizki, Atom elektromobili markaziy ustun (stoyka)ga ega emas va uning eshiklari qarama-qarshi tomonga ochiladi. Bu esa konstruksion jihatdan yon zarbalarga chidamlilik masalasini ancha murakkablashtiradi.Muhandislarning soʻzlariga koʻra, markaziy ustun yoʻqligi sababli asosiy yuklama pol panellari, ostonalar, qulflar, tom va eshiklarning oʻziga taqsimlangan. Sinovlar davomida toʻrt xil poʻlat va alyuminiy qotishmasidan tayyorlangan kuzov karkasi oʻzining mustahkamligini isbotladi. Zarba paytida barcha tizimlar shtat rejimida ishladi: xavfsizlik yostiqchalari va kamarlar belgilangan vaqtda ishga tushdi, xavfsizlik pardalari esa oynalarni toʻliq qopladi.
Texnik imkoniyatlar va bozor istiqbollari
Eng muhim jihatlardan biri shundaki, kuchli zarbadan soʻng ham elektromobilning yuqori voltli tizimi va akkumulyator batareyasi oʻz yaxlitligini saqlab qolgan. Bu yongʻin xavfsizligi va yoʻlovchilar hayotini saqlashda hal qiluvchi omil hisoblanadi. Atom elektromobili bir marta quvvatlanish orqali 500 kilometrgacha masofani bosib oʻta oladi va 100 km/ch tezlikka 8 soniyada erishadi.Yangi model “Moskvich” zavodi quvvatlarida yigʻilishi rejalashtirilgan. Hozircha eʼlon qilingan dastlabki narxlar 3 million rubldan boshlanishi kutilmoqda. Oʻzbekiston bozorida elektromobillarga boʻlgan talab ortib borayotgan bir paytda, ushbu ixcham va zamonaviy model mintaqaviy eksport salohiyatiga ham ega boʻlishi mumkin. Hozirda kompaniya ishlab chiqarish liniyalarini yakuniy sozlash ishlarini olib bormoqda.






























Izohlar 0
…