Salomatligingiz va qad-qomatingiz haqida qayg‘uradigan insonlar sirasiga kirsangiz, nonushtangiz organizm uchun kerakli ozuqaviy moddalar, katta miqdordagi oqsil va kun davomida o‘zingizni to‘q his qilishga yordam beradigan foydali yog‘lardan iborat bo‘lishi lozim. Bu ortiqcha kilogrammlardan xalos bo‘lish va qomatingizni har doim bir xil ko‘rinishda saqlab turishga yordam beradi.
Har qanday ajoyib kun mazali va to‘yimli nonushtadan boshlanishi kerak. Agar nonushta dasturxoningizdan biz quyida sanab o‘tadigan mahsulotlar ham joy olsa, o‘zingizni ortiqcha vazndan himoya qilgan bo‘lasiz.
Ozish niyatidagi odamlarga nonushtadan voz kechish mumkin emasligi haqida avval ham eshitgan bo‘lsangiz kerak. U organizmning kun davomidagi tetikligini taʼminlab beradi, ochlik ortidan zararli mahsulotlarni paqqos tushirishning oldini oladi, tanangizga sport bilan shug‘ullanish yoki samarali ishlash uchun kuch bag‘ishlaydi. Ha, aytganday, quyida biz sanab o‘tadigan mahsulotlarni faqatgina nonushta vaqtida isteʼmol qilish kerak degan qoida mavjud emas. Shunchaki, ularni aynan nonushtada tanovul qilish organizmga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Losos
Odatda nonushta uchun yozilgan dasturxondan losos balig‘ini topish juda qiyin. Bu tabiiy, albatta. Biroq ushbu baliq turi – foydali yog‘larning ajoyib manbaidir. Losos o‘ta yuqori kaloriyaga ega mahsulot sanalmaydi, shunga qaramasdan to‘qlik hissini uzoq vaqtgacha taʼminlab beradi. U organizmni oqsil, omega-3 yog‘ kislotasi bilan to‘yintiradi, yurak-qontomir tizimi kasalliklari paydo bo‘lishi xavfini kamaytiradi. Baliq – yod manbai ham bo‘lib, metabolizmni tezlashtirishga yordam beradi. Nonushta vaqtida losos tanovul qilsangiz, kun davomida o‘zingizni har doimgidan ham tetik his etasiz, ortiqcha kaloriyalardan esa tashvishlanmasangiz ham bo‘laveradi.
Tuxum
Tuxum oqsilga boy mahsulot, bu esa organizmdagi to‘qlik hissini uzoq vaqt davomida saqlab turish uchun ayni muddao. Ayrim parhezshunoslar ozish niyatidagi insonlarga tuxum sarig‘idan voz kechib, faqatgina tuxum oqini yeyishni tavsiya qilishadi. Aslida esa tuxumning asosiy foydali xususiyatlari sariq qismida joylashgan. Bundan tashqari, tuxum sarig‘ining haddan tashqari yog‘li ekanligi haqidagi gap-so‘zlar ham safsatadan boshqa narsa emas. Aslida yog‘larning bir nechta turlari mavjud, “foydali yog‘lar” organizmdagi muhim jarayonlarni nazorat qilishda faol ishtirok etadi. Tuxum sarig‘i tarkibida foydali yog‘lar saqlanadi, u salomatlikka ijobiy taʼsir ko‘rsatib, to‘qlik hissini tezroq sezish va ovqatdan lazzatlanishga imkon beradi. Agar ozish niyatida bo‘lsangiz, “foydali yog‘lar”dan emas, to‘yingan yog‘lardan voz keching. To‘yingan yog‘lar sariyog‘, pishloq va yarimfabrikatlar tarkibida bo‘ladi.
Olma
Olimlarning aniqlashlaricha, olma isteʼmoli visseral yog‘ni yo‘q qilish, bel sohasidagi ortiqcha santimetrlardan xalos bo‘lish, metabolik buzilishlarning oldini olishga yordam beradi. Barchasi olma tarkibidagi pektin sharofatidan, u yog‘ning hujayralar tomonidan so‘rab olinishiga to‘sqinlik qiladi.
Greypfrut
Greypfrut ozish uchun ishlab chiqilgan aksariyat parhezlar tarkibida mavjud ekanligi bejizga emas. Boisi, uning xususiyatlari mutaxassislar tomonidan yetarlicha o‘rganib chiqilgan. Nordon taʼmga ega sitrus mevani ko‘pchilik xush ko‘rmasligi mumkin, ammo u orzuyingizdagi qomatga qisqa vaqt ichida ega bo‘lishga juda katta yordam beradi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, nonushta tanovulidan avval greypfrut isteʼmol qilish keragidan ko‘p yeb yuborishning oldini oladi. Shuning uchun ham mutaxassislar uni nonushta vaqtida isteʼmol qilish ayni muddao ekanligini aytishadi. Mevani smuzi yoki sharbat ko‘rinishiga keltirib emas, butunligicha isteʼmol qiling – bu orqali organizm uning foydali xususiyatlaridan to‘liq bahramand bo‘ladi.
Chia urug‘lari
Chia urug‘lariga son-sanoqsiz foydali xususiyatlari tufayli “superfud” deya taʼrif berilishidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ushbu mahsulot kletchatkaning koni bo‘lib, chia urug‘lari o‘ziga katta miqdordagi suyuqlikni singdirib oladi va oshqozonda gelsimon modda hosil qiladi. Bu esa o‘zingizni kun davomida to‘q va tetik his qilishga yordam beradi. Chia urug‘larini smuzilar, bo‘tqa, salatlar, hattoki pudinglar tarkibiga qo‘shish mumkin. Puding tayyorlash uchun sizga 250 ml sut, mevalar va 4 oshqoshiq chia urug‘i kerak bo‘ladi. Puding tongga yaqin kerakli holatda bo‘lishi uchun uni bir kun avval tayyorlab qo‘yishni maslahat beramiz.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring