18:00 / 14.11.2023
101

Kuniga 6 soatdan kam uxlashning vazn, kayfiyat va intellektga taʼsiri qanday?

Foto: Marie Claire

So‘nggi vaqtlarda uyqu bilan bog‘liq muammolar tobora jiddiy tus olib bormoqda. Bu yerda gap zamonamiz odamlarining dam olish vaqtidan voz kechib, hamma narsaga ulgurish uchun tinmay harakat qilayotganlarida emas. Sleep Foundation tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi natijasida yuzaga kelgan stress holati ko‘pchilikda uyqu bilan bog‘liq muammolarni, ayrim insonlarda esa surunkali uyqusizlikni keltirib chiqardi. Mutaxassislar ushbu fenomenga “koronasomniya” deb nom berishga ham ulgurishgan. Ming afsuski, surunkali uyqusizlik butun organizmga jiddiy zarba beradi.

Uyqu bo‘yicha ekspert Rebekki Robbinsning aytishicha, kuniga meʼyoridan 1 soat kam uxlashning o‘zi ham sirkad ritmining buzilishi uchun yetarli bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida ruhiy buzilishlar (depressiya, biopolyar affekt buzilishi), semirish, hattoki Alsgeymer kasalligiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, to‘yib uxlamaslik yurak bilan bog‘liq muammolar va immunitetning tushib ketishiga sabab bo‘lishi isbotlab berilgan tadqiqotlar ham mavjud.

Foto: Marie Claire

“Biz miya kun davomida toksinlar ishlab chiqarishi, ushbu toksinlar yig‘ilib qolganda Alsgeymer kasalligi yoki demensiyani keltirib chiqarishini aniqladik, – deydi Robbins. – Inson uxlayotganda miya toksinlar hosil qilishdan to‘xtaydi, bundan tashqari miyani “yuvib”, yig‘ilib qolgan toksinlarni yo‘q qiladigan serebral suyuqlik ishlab chiqaradi”.

Foto: Marie Claire

Ekspert to‘yib uxlamaydigan odamlar kuniga 7-10 soat uxlab, dam oladigan insonlarga nisbatan ko‘proq kasal bo‘lishi, shamollash va gripp xavfi ularda ikki karra yuqoriroq ekanligini qayd etgan.

To‘yib uxlamaslik organizmning COVID-19 vaksinasini qanday qabul qilishga ham taʼsir ko‘rsatadi. “Vaksina olgan odamlarda virus patogeni bilan kurashish uchun antitanachalar ishlab chiqarilishi kuchayadi, agar sog‘lom uyqu meʼyoriga amal qilsangiz, antitanachalar ishlab chiqarilishi yanada tezlashadi”, – deydi doktor Robbins.

Foto: Marie Claire

Shifokor uyqu bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun bir necha foydali tavsiyalar berib o‘tdi. Birinchidan, har kuni uyquga bitta vaqtda yotib, bitta vaqtda turishga odatlaning. Ikkinchidan, uxlashdan eng kamida yarim soat avval gadjetlarning barchasini o‘chirib qo‘ying. Qolgan vaqtingizni kitob o‘qish, tinchlanish va bo‘shashishga yordam beradigan nafas olish mashqlari uchun sarflashingiz mumkin.

Agar tunda uyqudan uyg‘onib ketayotgan bo‘lsangiz, shunchaki shiftga tikilib yotmang, o‘rningizdan turing-da meditatsiya bilan shug‘ullaning. Ekspertning aytishicha, bu usul uyqu kelishini kutib yotishdan ko‘ra tezroq uxlab qolishga yordam beradi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Kuniga 6 soatdan kam uxlashning vazn, kayfiyat va intellektga taʼsiri qanday?