16:23 / 18.04.2024
165

Shifokor tavsiyasisiz qabul qilib bo‘lmaydigan 3 xil vitamin

Shifokor tavsiyasisiz qabul qilib bo‘lmaydigan 3 xil vitamin
Vitamin so‘zi lotincha “vita” — “hayot” degan maʼnoni bildirib, tirik organizmning hayot faoliyati va moddalar almashinuvi uchun zarur bo‘lgan organik birikmalardan iboratdir. Vitaminlar aslida barcha oziq-moddalar, taomlarda va hatto chips kabi zararli mahsulotlarda uchraydi. Biroq afsuski, ularni faqat tabletka va kapsulalardan olish mumkin degan tushuncha insonlar orasida keng tarqalib kelmoqda.

Foto: Catherineasquithgallery.com
Dori-darmon ishlab chiqaruvchi farmatsevtika kompaniyalari sotadigan turli vitamin va polivitaminlarning foydali tomonlari albatta yo‘q emas, ammo uning dozasini oshirib yuborish, shifokor ko‘rsatmasini olmay, o‘zboshimchalik bilan qabul qilish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Texaslik shifokor Ahmad Talha Aʼzam muallifligidagi Discover sog‘liqni saqlash bo‘yicha taʼlim loyihasining yangi hisoboti uchta vitaminni — A vitamini, B3 vitamini (niatsin) va E vitaminini haddan tashqari ko‘p isteʼmol qilishdan tiyilish lozimligini qayd etdi. Ular organizmga jiddiy xavf solishi: ko‘ngil aynishi, suyaklar og‘rishi va hatto ichki qon ketishiga olib kelishi mumkin.

B3 vitamini — Niatsin

B3 vitamini artrit, yuqori darajali xolesterin kasalligida hamda bosh miya faoliyatini yaxshilashda tavsiya qilinadi.

Masalan, xonanda Keti Perri turmush o‘rtog‘i Orlando Blum bilan har kuni niatsin qabul qilishini aytgan, ammo yulduzlar oilasining bu kabi tavsiyalariga amal qilishga shoshilmang! Chunki niatsinning tavsiya etilgan sutkalik miqdori erkaklar uchun 16 mg va ayollar uchun 14 mg.

Garvard olimlarining xulosa qilishicha, kuniga 35 mg dan ortiq B3 ni uzoq muddat isteʼmol qilish terining qizarishi, qichishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, oshqozonda buzilishlar va charchoqqa olib keladi.


Foto: Getty Images
A vitamini

A vitamini ko‘rish qobiliyatini yaxshilashda va immunitetni oshirishda tavsiya etiladigan biologik qo‘shimchadir. Uning kunlik normasi erkaklar uchun 900 mg, ayollar uchun esa 700 mg. Vitaminning sutkalik meʼyordan uch barobar oshib ketishi uni zaharga aylantiradi. Ortiqcha miqdordagi A vitamini suyaklarda og‘riq hosil qiladi, ko‘ngilni aynitadi, qusish, teri qurishi va yorqin nurga sezgirlikni keltirib chiqaradi.

Bunday xavf ayniqsa chekuvchi insonlarda yuqoridir. Retinol va beta-karotin shaklidagi vitaminlarni meʼyordan ortiq qabul qilish o‘pka saratoniga olib keladi.

Ye vitamini

E vitamini yog‘da eriydigan birikma bo‘lib, yog‘ to‘qimalarida parchalanadi va saqlanadi hamda antioksidant va hujayra membranasi himoyachisi sifatida ishlaydi. Mazkur vitamin yeryong‘oq va bodom, turli urug‘lar, mango, kivi kabi mevalarda uchraydi. E vitamini tabiiy immunomodulyator hisoblanadi. Uning kunlik meʼyori 15 mgdan oshmasligi zarur, aks holda u mushaklar zaiflashuvi, ko‘ngil aynishi, qonning suyuqlashuvi va ich ketishini keltirib chiqaradi.

Polivitaminlar

Vitaminlar yog‘da eruvchi va suvda eruvchi toifaga bo‘linadi. Ularning baʼzi turini bir vaqtda ichish mumkin emas — nomutanosiblik yuzaga keladi. Baʼzi multivitamin ishlab chiqaruvchilar buni hisobga olmaydi yoki vitaminlar kompleksini qabul qilayotgan bemor qadoqdagi maʼlumotlarga eʼtibor qilmaydi.

Polivitaminlarni tanlashda shifokor ko‘rsatmalariga rioya qilish, vitaminlar va minerallar kontsentratsiyasi tavsiya etilgan kunlik normadan oshib ketmaganiga amin bo‘lish kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Shifokor tavsiyasisiz qabul qilib bo‘lmaydigan 3 xil vitamin