Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda onalar va bolalar salomatligini asrash borasida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sog‘lom avlod tug‘ilishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan zamonaviy perinatal markazlar hamda skrining xizmatlari takomillashtirildi.
Homiladorlikning dastlabki uch oyida ayollarni ommaviy tekshirish va xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarda genetik sindromlarni biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish orqali homilada tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldi olinmoqda.
Homilador ayollar qanday skrining tekshiruvlaridan o‘tishlari zarur? SSV matbuot xizmati shu savolga batafsil javob berdi.
Prenatal, ya’ni tug‘ruqqacha skrining tekshiruvlari samaradorligini oshirish hamda homilaning sog‘lig‘i va bolalar yashab ketishiga imkon bermaydigan tug‘ma nuqsonlar va irsiy (xromosom) kasalliklar bilan tug‘ilishining oldini olish maqsadida homilador ayollar ikki bosqichdan iborat bo‘lgan prenatal skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichdagi tug‘ruqqacha skrining tekshiruvlarida barcha homilador ayollar ommaviy ultratovush tekshiruvidan o‘tkaziladi va uning natijasida homilada tug‘ma nuqsonlar aniqlangan homilador ayollar «xavf guruhi»ga kiritiladi. Bunday tekshiruvlar uch marta tuman (shahar) markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarining prenatal skrining xonasida amalga oshiriladi.
Bunda birinchi marta homiladorlikning 10–14 haftasida, ikkinchi marta 16–20 haftasida boladagi tug‘ma nuqsonlarni aniqlash maqsadid, uchinchi marta esa 28–32 haftasida, kech namoyon bo‘ladigan tug‘ma nuqsonlarini aniqlash va homilaning funksional holatini baholash uchun o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, «xavf guruhi»ga kirgan homilador ayollar homilaning 16–20 haftasida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining «Ona va bola skrining bo‘limi»ning hududiy filiallarida ikkinchi bosqichdagi prenatal tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Bunda ayol hududiy skrining markaziga poliklinikadan yo‘llanma va avvalgi prenatal ultratovush tekshiruvlari natijalari aks etgan tibbiy kartasidan ko‘chirmani olib boradi.
Skrining markazida ultratovush, biokimyoviy skrining tekshiruvi va uning natijasiga muvofiq homilaning xromosom sindromlar bilan tug‘ilish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan homilador ayollarda invaziv tekshiruv (xorionbiopsiya, platsentotsentez, kordotsentez) usullari, keyinchalik esa homila hujayralarining genetik tahlili va boshqa tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqichdagi prenatal skrining tekshiruvi natijasida homilador ayolga tibbiy-genetik xulosa beriladi.
Homilada tug‘ma rivojlanish nuqsonlari va irsiy (xromosom) kasalliklar mavjud bo‘lganda homilador ayol tibbiy-genetik xulosa bilan tegishli poliklinikaga yuboriladi. Ushbu tibbiy-genetik xulosa ko‘rib chiqish uchun tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining Tibbiy-maslahat komissiyasiga taqdim etiladi.
Komissiya homilador ayol va uning yaqin qarindoshlariga prenatal skrining tekshiruvlari natijalari to‘g‘risida, homilada mavjud tug‘ma rivojlanish nuqsonlar borligi, tug‘ilgandan so‘ng chaqaloqning sog‘lig‘i va hayotiga ta’siri, davolash usullari va ular bilan bog‘liq xavf-xatar darajasi, qo‘llash mumkin bo‘lgan tibbiy muolajalar va ularning oqibatlari hamda davolash natijalari haqida to‘liq axborot beradi.
Shundan keyingina homilador ayol va uning yaqin qarindoshlari o‘zlari ma’qul deb topgan qarorni qabul qilishadi.
«Shu o‘rinda barcha tibbiyot brigadalari tarkibiga qo‘shimcha doya shtatlari ajratilgani ham skrining jarayonini tashkil qilishni yengillashtirganini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Tuman va shahar prenatal skrining xonalarida soatma soat grafik tuzilgan bo‘lib, patronaj doyalar homilador ayolni rejaga muvofiq skrining tekshiruviga boshlab keladi va tekshiruv xulosasini hududiy polikinikaning tegishli mutaxassisiga yetkazadi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
O‘zbekiston hukumati parlament oldidagi vakolatlarini topshirdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Toshkentda Traverse va Equinox to‘qnashuvida ikki kishi jarohatlandi