18:37 / 03.10.2024
33

Ko‘p o‘tirishning 5 ta xavfli oqibati

Ko‘p o‘tirishning 5 ta xavfli oqibati
Foto: iStock
Zamonaviy dunyoda insonlar yumshoq divanda o‘tirgan holatda cheksiz ma’lumotlar oqimidan foydalanish imkoniyatiga ega. Biz shunday harakatsiz tarzda soatlar, kunlar va hatto haftalarni o‘tkazganimizni sezmay qolamiz. Ammo bunday qulayliklarning badali bizga qimmatga tushishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmaymiz.

Quyida uzoq vaqt o‘tirish qanday kasalliklarni keltirib chiqarishi va ularning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rish kerakligini ko‘rib chiqamiz.

Kamharakat turmush tarzining oqibatlari

1. Mushaklar atrofiyasi, suyak massasi va zichligining kamayishi


Mushaklar atrofiyasi bu ularning hajmi va kuchining kamayishi bo‘lib, uzoq vaqt davomida o‘tirish tufayli vujudga keladi. Ayniqsa, tana pastki qismidagi mushaklar, press va bel sohasi bunga moyil bo‘ladi. Atrofiya charchoqqa, og‘ir yuklarni ko‘tarish, yurish va hatto oyoq-qo‘llarni harakatlantirishda qiyinchiliklarga olib keladi. Avvaliga bunday og‘riqlarni turli tabletkalar yordamida qoldirish mumkin bo‘ladi, ammo keyinchalik kasallik surunkali shaklga o‘tishi va dorilar ta’sir qilmasligi mumkin.

2. Yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolar

Doimiy o‘tirgan holatda kun o‘tkazish tromboz va tromboemboliya rivojlanish xavfini oshiradi, metabolizm pasayadi, qonda yog‘lar to‘planadi va xolesterin miqdori oshib, aterosklerozning rivojlanishiga olib keladi. Bunday holatda yurak xuruji va insultga chalinish xavfi ortadi.

3. Ovqat hazm qilishda muammolar

Kamharakat turmush tarzi qorin bo‘shlig‘i mushaklarini zaiflashtiradi, bu esa peristaltika (oshqozon devorining bir maromda to‘lqinsimon qisqarishi) ishini qiyinlashtiradi. Natijada oshqozonda gazlar to‘planadi, hazm qilish tizimi ishdan chiqib, qabziyat rivojlanadi. Metabolizm sekinlashishi esa ortiqcha vazn to‘planishiga hamda organizmga tushgan ozuqa moddalarining so‘rilishida qiyinchiliklarga olib keladi.

4. Umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq muammolar

Uzoq vaqt davomida noto‘g‘ri holatda o‘tirish umurtqa pog‘onasiga bosimni oshiradi, bu esa uning egri bo‘lishiga, bel og‘riqlari paydo bo‘lishiga olib keladi.

5. Ruhiy salomatlikka oid muammolar

Jismoniy faollikdan keyin yaxshi kayfiyat va xotirjamlik hissi uchun mas’ul bo‘lgan gormon — serotonin ishlab chiqariladi. Uzoq vaqt davomida o‘tirish esa serotonin darajasining pasayishiga olib keladi. Shu sababli kamharakat insonlarda depressiya, tashvish va asabiylashish holatlari ko‘p kuzatiladi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, harakatsiz turmush tarzi bugungi kunda organizmning “qotili”ga aylangan. Jismoniy faollikning yetishmasligi butun dunyo bo‘ylab o‘lim ko‘rsatkichining taxminan 6 foizini tashkil qiladi. Bundan tashqari, JSST harakatsiz turmush tarzi va jiddiy kasalliklarning rivojlanishi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik borligini ta’kidlaydi:

- Yo‘g‘on ichak va ko‘krak saratoni: 21 dan 25 foizgacha holatlar harakat yetishmasligi bilan bog‘liq;
- Yurak ishemik kasalligi: 30 foiz hollarda nofaol turmush tarzi sababli;
- Qandli diabet: 27 foiz hollarda kamharakat turmush tarzi bilan bog‘liq.

Tavsiyalar

Harakat — hayot manbai. Doimiy harakatda bo‘lish odatini shakllantirish, jismoniy faollikni kundalik tartibga kiritish muhim. Albatta, birdaniga murakkab sport turi bilan shug‘ullanish yoki organizmni toliqtirish shart emas. Ishni kuniga 30 daqiqa yurishdan boshlab, haftada 2-3 marta biror sevimli sport mashg‘uloti bilan shug‘ullanishdan boshlash mumkin. Jismoniy faoliyat xuddi tishlarni yuvish kabi kunning ajralmas qismi sifatida qabul qilinishi lozim.

Yuqoridagi kasalliklarning oldini olish uchun doimiy o‘tirgan holatda ishlaydigan xodimlar har soatda 20 marta o‘tirib-turish va 3-5 daqiqa tez yurish mashqlarini bajarishi, to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya etishi, lift o‘rniga zinapoyalardan foydalanishi va kuniga kamida 10 ming qadam yurishi lozim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Ko‘p o‘tirishning 5 ta xavfli oqibati