14:15 / 07.10.2024
65

Qahva miyada «baxt garmoni»ni ishlab chiqarishi va yurakka foydali ekanligi aytildi

Qahva miyada «baxt garmoni»ni ishlab chiqarishi va yurakka foydali ekanligi aytildi
Qahva va choyni xush ko‘radiganlar uchun yaxshi yangilik bor: yangi tadqiqot o‘rtacha kofein iste’molini 2-toifa diabet, insult yoki yurak-qontomir kasalliklari kabi ko‘plab kardiometabolik kasalliklarni rivojlanish xavfini kamaytirish bilan bog‘ladi.

«Journal of Clinical Endocrinology & Metabolism» jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, kuniga uch stakan qahva yoki choy ichgan odamlarda ikki yoki undan ortiq kardiometabolik kasalliklarga chalinish xavfi 48 foizga kamayadi. «Tadqiqotga ko‘ra, o‘rtacha miqdordagi qahva yoki kofein ichishni kun tartibiga aylantirish kardiometabolik kasalliklarning oldini olishda keng ko‘lamli foyda keltirishi mumkin», – dedi tadqiqotning hammuallifi doktor Chaofu Ke.

Xo‘sh, kofein kardiometabolik sog‘liqqa qanday ta’sir qiladi? Va bu yangi tadqiqot ertalabki qahvangizga qo‘shimcha kofein qo‘shishni davom ettirishingiz kerakligini anglatadimi? Kofeinning kardiometabolik salomatlikka qanday ta’sir qilishini baholash uchun tadqiqotchilar Buyuk Britaniya Biobankining 37dan 73 yoshgacha bo‘lgan taxminan 360 000 mijozining kofein odatlarini tahlil qildi, bu kofein iste’moli va odatlari haqida so‘rovnomalarni to‘ldirgan ishtirokchilarning anonim salomatlik ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan katta tadqiqot ishidir. Tadqiqot boshlanganda ishtirokchilarda kardiometabolik kasalliklar mavjud bo‘lmagan. Olimlar kofeinni iste’mol qilish orqali ishtirokchilarda kardiometabolik kasalliklar yuzaga kelish jarayonini ko‘rib chiqdilar.

Raqamlarni o‘rganib chiqqandan so‘ng, jamoa kuniga 200-300 milligramm kofein iste’mol qiladigan odamlarda kuniga 100 mg.dan kam iste’mol qiladigan odamlarga qaraganda bir nechta kardiometabolik kasalliklarni rivojlanish xavfi kamroq ekanligini aniqladi. Qahvani kofeinli ichimlik sifatida tanlagan ishtirokchilar eng past xavfga ega bo‘lib, taxminan 50 foizga kamaygan. Taqqoslash uchun, qahva va choyni iste’mol qilganlar kardiometabolik kasalliklarga chalinish ehtimoli 40 foizga kamroq bo‘lgan.

Tadqiqotchilar kofein nima uchun kardiometabolik salomatlikni yaxshilashi haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Shu bilan birga, kunlik kofeinning o‘rtacha miqdori ma’lum metabolitlar darajasini – organizm oziq-ovqat va suyuqliklarni parchalaganda hosil bo‘ladigan birikmalar – ba’zi lipidlar kabi kardiometabolik kasalliklar bilan bog‘liq. Mualliflar tadqiqotning bir qator cheklovlariga ishora qildilar, jumladan, u kofeinni qahva yoki choyning tarkibiy qismi sifatida baholadi, ammo gazlangan va energetik ichimliklar emas. Bundan tashqari, tadqiqot faqat kofeinni o‘rtacha iste’mol qilish va kardiometabolik kasalliklar xavfini kamaytirish o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi, ammo sababni isbotlamadi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, agar siz kuniga bir-uch chashka qahva iste’mol qilsangiz va bu sizga kislotali oqim yoki yurak urishi kabi salbiy ta’sir ko‘rsatmasa, muntazamlikni davom ettirishingiz mumkin. Biroq qahvangiz tarkibiga me’yordan ortiq shakar yoki ko‘pirtirilgan kremlar qo‘shilishi kaloriyani oshiradi va bunday qahvalar kardiometabolik kasallikka chalinish darajasini oshiradi, xolos.

Tadqiqotchilar, shuningdek, izlanishlar natijasi o‘laroq kofein dozasini oshirishni taklif qilmaydi. Oddiy bir finjon qahvada taxminan 100 mg. kofein bor, bir espressoda yesa 63 mg. atrofida. «Ko‘p odamlar o‘z diyetasida juda ko‘p kofein iste’mol qilishadi, bu esa asabiylashish, uxlashda qiyinchilik va kofeinsiz uzoq vaqt tanaffus qilishganida yomon alomatlarni keltirib chiqarishi mumkin», – deya qo‘shimcha qilishadi.

Qahvaning salomatlik uchun foydalari yaqin yillarda tadqiq qilinganiga qaramay, tarixan qahvaga mukkasidan ketgan mashhurlar talaygina. Ulardan AQSHning 26-prezidenti Tedi Ruzevelt, bastakorlar Betxoven va Bax qahva ustida ishlashni odatga aylantirishgan bo‘lsa, yozuvchi va faylasuf Volter kuniga 72 finjon qahva ichgan!

Kofeinning miyadagi «baxt garmoni» (dofamin) ishlab chiqarishi ko‘pchilik uchun ma’lum bo‘lgan holda, bugun ham qahvaga mukkasidan ketgan iste’molchilarni uchratishimiz mumkin. Statistikaga ko‘ra, dunyo aholisining 12,6 foizi (1 milliard inson) kun ora qahva ichishni yoqtirar ekan. Kofein iste’molchilari orasida esa Finlandiya yetakchilik qiladi: ular kuniga o‘rtacha 4 finjon qahva iste’mol qilishadi.

Ingliz tilidan Barno Dusiyarova tarjimasi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Qahva miyada «baxt garmoni»ni ishlab chiqarishi va yurakka foydali ekanligi aytildi