date
views 1 153

Qarishni kechiktirishning sirlari: yoshlikni qanday uzoq saqlash mumkin?

Qarishni kechiktirishning sirlari: yoshlikni qanday uzoq saqlash mumkin?
Inson tanasi qarishni taxminan 25-28 yoshdan boshlab boshlaydi, degan xulosaga keldi Rossiya Federal tibbiy-biologik agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari Tatyana Yakovleva. Bu haqda «RBK» nashri xabar berdi.

Yakovlevaning ta’kidlashicha, zamonaviy tibbiyot konsepsiyasi endilikda kasalliklarni davolashdan ko‘ra, ularning oldini olish va sog‘liqni samarali boshqarishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Uning fikriga ko‘ra, inson uzoq umr ko‘rishi va yoshligini saqlab qolishi uchun nafaqat zamonaviy tibbiy texnologiyalar, balki hayot tarzining to‘g‘ri tashkil qilinishi ham juda muhim.

Shu munosabat bilan u muntazam tibbiy tekshiruvlar, ongli ravishda hayot kechirish, sog‘lom ovqatlanish, ruhiy sog‘lomlikni mustahkamlashga qaratilgan mental amaliyotlar va muntazam jismoniy faoliyatga alohida urg‘u berdi.

Hozirgi kunda korporativ sog‘liqni saqlash dasturlariga qiziqish keskin ortib bormoqda. Ko‘pgina ish beruvchilar o‘z xodimlari salomatligini yaxshilash va ularning hayotini uzaytirish uchun turli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayapti. Ayniqsa, ish joyida stressni boshqarish, jismoniy mashqlarni doimiy tarzda bajarish va tibbiy profilaktik choralar ko‘rish kabi amaliyotlar samaradorligini ko‘rsatmoqda. Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, haftasiga kamida 150 daqiqa jismoniy mashq bilan shug‘ullanish o‘lim xavfini 30 foizga qisqartirishi mumkin.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh pediatri, gerontologiya sohasi bo‘yicha taniqli mutaxassis Olga Tkacheva ham insonning qarish jarayoni haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan bo‘lishdi. Uning ta’kidlashicha, inson qanchalik tez yoki sekin qarishi hali homiladorlikni rejalashtirish bosqichidayoq belgilanib qo‘yadi. Chunki bu jarayonda ota-onaning umumiy sog‘lig‘i, onaning yoshi va homilaning bachadondagi rivojlanishi kabi omillar muhim rol o‘ynaydi.

Tkacheva insonning umrini uzaytirish va yoshligini uzoq muddat saqlab qolish uchun olti muhim qoidaga amal qilish zarurligini ta’kidladi. Ularning orasida sog‘lom uyqu, muntazam jismoniy mashqlar, ovqatlanish tartibi, psixoemotsional sog‘lomlikni ta’minlash, foydali stress va surunkali kasalliklarning oldini olish kabi omillar bor.

Shifokor hayotni uzaytirish uchun ovqatlanish va jismoniy faoliyat o‘rtasidagi muvozanatni saqlash juda muhimligini alohida ta’kidlaydi. Har kuni kamida 40 daqiqa yugurish yoki tez yurish kabi mashqlarni bajarish optimal hisoblanadi. Bundan tashqari, insonning ruhiy holati ham katta ahamiyat kasb etadi. Psixoemotsional sog‘lomlikni mustahkamlash uchun ish va dam olish vaqti o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, ijobiy kayfiyatni saqlash zarur.

Yana bir muhim jihat bu — foydali stress hisoblanadi. Ya’ni tanani va ruhiyatni jonlantiruvchi yoqimli hayajonlar hayotni uzaytirishi mumkin. Masalan, sevimli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish, yangi taassurotlar olish insonni yoshartirib turadi.

Tkacheva fikricha, sog‘lom uyqu ham inson organizmining qarishini kechiktirishda muhim rol o‘ynaydi. Kuniga o‘rtacha 6 dan 8 soatgacha bo‘lgan sifatli uyqu inson tanasi va ruhiyati uchun zarur bo‘lib, uzoq umr ko‘rishga va qarish jarayonini kechiktirishga yordam beradi.

Shunday qilib, inson tanasining qarishiga qarshi kurashda nafaqat tibbiyotning yangi texnologiyalari, balki hayot tarzining ongli ravishda boshqarilishi ham katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu tavsiyalarga amal qilish orqali uzoq va baxtli umr ko‘rish mumkin. Sog‘lom va yosh ko‘rinishda qolish har bir insonning o‘z qo‘lidadir!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Qarishni kechiktirishning sirlari: yoshlikni qanday uzoq saqlash mumkin?