
Kollagen — inson organizmidagi eng ko‘p uchraydigan oqsil turi bo‘lib, u teri, suyaklar, mushaklar va bog‘lovchi to‘qimalarning asosiy qismini tashkil etadi. Yaqinda Ispaniyalik olimlar kollagen qo‘shimchalarining ortiqcha vaznga ta’sirini o‘rganish maqsadida qiziqarli tadqiqot o‘tkazishdi. Bu tajriba kollagenning faqat kosmetik emas, balki salomatlik va vazn boshqaruvi borasidagi foydalarini ham ochib berishi mumkin.
Kollagenli batonchiklar qanday ta’sir qildi?
Tadqiqotda 20 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan ortiqcha vaznga ega 64 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ikki guruhga bo‘lingan qatnashchilardan bir guruhi 12 hafta davomida har kuni tushlik va kechki ovqatdan 45 daqiqa oldin, bir stakan suv bilan kollagenli oqsilli batonchik iste’mol qilishdi.
Bu batonchiklar tarkibida:
- 10 gramm gidrolizlangan kollagen,
- 9 gramm oqsil,
- 7 grammdan ortiq uglevod,
- 3,2 gramm yog‘,
- 2,5 gramm oziq-ovqat tolalari,
- Qora shokolad, soya oqsili, sirop va kungaboqar yog‘i mavjud bo‘lgan.
Ikkinchi guruhdagi ishtirokchilar esa faqat suv ichishdi.
12 haftada ikki barobar vazn yo‘qotish
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kollagenli batonchiklar iste’mol qilgan guruh o‘rtacha 3 kg vazn yo‘qotgan, bu esa faqat suv ichgan guruhning natijasidan qariyb ikki barobar yuqori (1,5 kg). Yanada ahamiyatlisi, kollagen iste’mol qilgan guruhda:
- Qon bosimi pasaygan,
- Jigar faoliyati yaxshilangan,
- Mushak massasi saqlangan holda vazn yo‘qotilgan.
Bu esa ozishdagi eng katta muammolardan biri — mushaklarni yo‘qotmaslikni ta’minlagan.
Natijaning sabablari — kollagenning xususiyatlarida
Olimlar bu natijani kollagenning oshqozon hajmini kengaytirib, to‘qlik hissini kuchaytirishi, shuningdek, ichak mikrobiotasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan izohlashmoqda. Kollagen hazm bo‘lishi qiyin oqsillardan biri bo‘lib, uni organizmda so‘rilishi uchun ko‘proq energiya sarflanadi. Shu sababli, u metabolizmni faollashtirishi va ozishga yordam berishi mumkin.
Qolaversa, qalin ichakqa yetib borgach, foydali bakteriyalar uchun ozuqa vazifasini bajaradi, bu esa yallig‘lanishni kamaytiruvchi qisqa zanjirli yog‘ kislotalarining hosil bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.
Tadqiqotning cheklovlari ham bor
Garchi natijalar umidbaxsh bo‘lsa-da, olimlar tajribaning kam ishtirokchi soni (64 kishi) va qisqa davomiyligi (12 hafta) tufayli aniq xulosa berishdan ehtiyot bo‘lish lozimligini ta’kidlashdi. Shuningdek, batonchik tarkibida nafaqat kollagen, balki oqsil, tola, shakar o‘rnini bosuvchi moddalar va boshqa foydali komponentlar ham mavjud. Vazn yo‘qotish aynan shu moddalarning kombinatsiyasi tufayli sodir bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli ham bor.
Zamin.uz tahririyatidan xulosa
Kollagenli qo‘shimchalar ozish jarayonida samarali vosita bo‘lishi mumkin, lekin buni mutaxassis nazoratida, kompleks yondashuv bilan amalga oshirish muhim. Semizlik — bu faqat ovqatlanish emas, balki gormonlar, ruhiy holat va hayot tarzi bilan bog‘liq murakkab holatdir.
Shuning uchun har qanday qo‘shimchani — jumladan, kollagenni ham — parhez yoki sog‘lom ovqatlanish strategiyasiga qo‘shishdan oldin shifokor yoki diyetolog bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar