date
views 276

Doimiy jismoniy faollik saraton xavfini keskin kamaytiradi – tadqiqot

Doimiy jismoniy faollik saraton xavfini keskin kamaytiradi – tadqiqot
Har kuni mashq qilish nafaqat umumiy sog‘liq uchun, balki xavfli o‘simtalarga qarshi kurashishda ham muhim ahamiyatga ega. Bu haqda AQSHning klinik onkologiya jamiyati (ASCO) tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqot natijalari orqali ma’lum bo‘ldi. The Guardian nashri xabar berishicha, olimlar jismoniy mashg‘ulotlarning saratoni bor bemorlarga ta’sirini ilmiy jihatdan tasdiqlashga muvaffaq bo‘lishgan.

Tadqiqotda turli mamlakatlardan — AQSH, Britaniya, Fransiya, Kanada, Avstraliya va Isroildan jami 889 nafar yo‘g‘on ichak saratoni bilan kasallangan bemor ishtirok etgan. Qatnashchilarning 90 foizi uchinchi bosqichdagi saraton bilan kasallangan edi, ya’ni bu bosqichda kasallik xavfi yuqori bo‘ladi. Ular tasodifiy tarzda ikki asosiy guruhga ajratildi.

Birinchi guruhdagi bemorlar faqat umumiy axborot va tavsiyalarni olgan bo‘lsa, ikkinchi guruhdagi ishtirokchilar uchun alohida murabbiy tomonidan maxsus dastur ishlab chiqildi. Bu dasturga ko‘ra bemorlar oyiga ikki marta mutaxassis bilan bevosita shug‘ullangan, keyin esa bir marta nazariy va amaliy yordam olishgan. Mashg‘ulotlar asosan haftasiga 3-4 marta 45–60 daqiqa davomida muntazam yurishni o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, ishtirokchilar o‘z istagiga ko‘ra yuklamalar turini ham o‘zgartirish imkoniga ega bo‘lishdi. Ular orasida chang‘i sporti, yugurish va velosipedda harakatlanish kabi turli sport turlari ham bor edi.

Tadqiqotning natijalari hayratlanarli darajada ijobiy bo‘lib chiqdi. Jismoniy faol hayot tarzini tanlagan bemorlarda besh yil o‘tgach saratoning qaytalanishi yoki yangi o‘simta paydo bo‘lish xavfi birinchi guruhdagi bemorlarga nisbatan 28 foiz kamaygan. Sakkiz yillik kuzatuv natijalari esa yanada yorqinroq bo‘lib chiqdi: jismoniy faol guruhda o‘lim holati nazorat guruhiga qaraganda 37 foizga kamroq bo‘lgan.

Angliya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati rahbari Stiven Pouis tadqiqot natijalariga baho berar ekan, jismoniy faollik orqali nafaqat vaznni nazorat qilish, balki immunitetni mustahkamlash, yallig‘lanish jarayonlarini kamaytirish va insonning umumiy sog‘lig‘ini yaxshilash mumkinligini alohida qayd etdi. Uning fikricha, sog‘lom turmush tarzi kasallikning qayta rivojlanishi xavfini sezilarli darajada pasaytiradi.

ASCO tibbiy maslahatchisi Julia Grelouning ta’kidlashicha, shu kunga qadar mashqlarning saraton bilan kasallangan bemorlar uchun foydali ekanligiga oid ilmiy tasdiqlangan ma’lumotlar yetarli emas edi. Bu tadqiqot orqali esa birinchi marta jismoniy mashqlarning o‘ta samarali ekanligi isbotlandi. Shu bilan birga, u ba’zi hollarda dori-darmondan ham yaxshiroq natija berishi mumkin va bu usulning salbiy ta’siri yo‘qligi uni yanada qimmatli qiladi.

Shifokorlarning ushbu xulosalari saraton kasalligiga chalingan bemorlar uchun katta umid va yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin. Olimlar va tibbiyot mutaxassislari esa endi bu kabi tadqiqotlarni yanada kengaytirish va amaliyotga kengroq joriy qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Bu esa millionlab insonlarga hayot sifati va umr uzoqligini yaxshilash imkonini berishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Doimiy jismoniy faollik saraton xavfini keskin kamaytiradi – tadqiqot