
O‘z farzandining kechasi peshob tuta olmasligi — ya’ni enurez holatini ko‘pchilik ota-onalar unchalik jiddiy muammo deb hisoblamaydi. “Bola ulg‘ayib to‘g‘rilanadi”, deydiganlar anchagina. Ammo bu holat 5 yoshdan keyin ham davom etsa-chi? Ayniqsa, o‘smir qizlarda bu holat kelajakda ruhiy va ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Enurez — oddiy odat emas, klinik holat
Toshkent shahar bolalar ruhiy-asab kasalliklari markazi mutaxassisi Adiba Hoshimovaning ma’lumotlariga ko‘ra, enurez — uyqu paytida ixtiyorsiz ravishda peshob ajratish bilan namoyon bo‘ladigan kasallik bo‘lib, 5 yoshdan oshgan bolalarda albatta e’tiborga olinishi kerak.
Tadqiqotlarga ko‘ra, 5 yoshli bolalarning 10 foizida, 10 yoshlilarning 5 foizida, 14 yoshga kirganlarning esa 2 foizida uchraydi. Hatto 18 yoshga yetgan har 100 boladan birida bu muammo saqlanib qolishi mumkin. Qizlarga qaraganda o‘g‘il bolalarda 1,5–2 baravar ko‘proq kuzatiladi.
Sabablar ko‘p, mas’uliyat ota-onada
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, enurezning kelib chiqishiga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
- Markaziy asab tizimining to‘liq shakllanmaganligi;
- Infeksiyalar;
- Qabziyat va axlat tuta olmaslik;
- Oshqozon-ichak tizimi buzilishi, surunkali tonzillit;
- Oiladagi ruhiy ziddiyatlar, stress;
- Nasliy omillar (ota-onadan biri yoki ikkisida bo‘lgan bo‘lsa, xavf darajasi yuqori).
Agar ota-onadan ikkalasida ham enurez kuzatilgan bo‘lsa, farzandda bu holat paydo bo‘lish ehtimoli 77 foizga yetadi.
Enurezni davolash mumkin, lekin sabr talab etiladi
Eng avvalo, psixiatr yoki nevropatologga murojaat qilish lozim. Shifokor bolaning umumiy ahvoli, oiladagi vaziyat, oldingi kasalliklari, tug‘ma holatlari va umurtqa pog‘onasining strukturasi kabi ko‘plab omillarni o‘rganib chiqadi.
Davolash biryoqlama emas — kompleks yondashuv zarur:
- Tinchlantiruvchi dori vositalari, vitaminlar,
- Fizioterapiya (parafin, nuqtali massaj),
- Shamollashga qarshi davolash,
- Jismoniy mashqlar, xususan suzish bilan shug‘ullanish.
Suzish nafaqat jismoniy chiniqish, balki bola ruhiyatining tiklanishida ham muhim o‘rin tutadi. Bu sport turi yil davomida muntazam olib borilsa, natijasi aniq seziladi.
Oilaviy muhit va ota-onaning roli — muhim kalit
Mutaxassislar ogohlantiradi: doim tergov, doim tanbeh bola ruhiyatini ezadi. Enurez — bolaning aybi emas. Ayniqsa, 5 yoshgacha bo‘lganlarda bu holat fiziologik deb baholanadi. Agar oilada ziddiyatlar, urush-janjal, ota-onaning befarqligi mavjud bo‘lsa, bu bolaga salbiy ta’sir ko‘rsatib, enurezni kuchaytiradi.
Enurez ijtimoiy fojia bo‘lmasin
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, enurez bilan og‘rigan bolalarning 40 foizida ruhiy buzilishlar kuzatiladi. Bola o‘zini jamiyatdan cheklay boshlaydi, do‘stlari orasida o‘zini noqulay his qiladi, maktabda o‘zlashtirishi pasayadi. Bu esa nafaqat hozirgi hayotiga, balki kelajagiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shunday ekan, farzandingizda bu muammo bor bo‘lsa, kechiktirmang. Uni ayblamang, aksincha, mutaxassisga olib boring. Esda tuting: enurez — yolg‘iz bolani emas, butun oilani qiynashi mumkin. Davo esa bor, lekin sabr va e’tibor bilan! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar