date

Bolada ichi kelyaptimi yoki to‘xtab qolganmi? Girshprung xavfiga e’tibor bering!

Bolada ichi kelyaptimi yoki to‘xtab qolganmi? Girshprung xavfiga e’tibor bering!
Ayrim chaqaloqlar hayotining ilk kunlaridayoq ichak muammolari bilan duch kelishadi. Ba’zida esa bu oddiy qabziyat emas, balki jiddiy kasallik — Girshprung sindromi bo‘lishi mumkin. Bu kasallik yo‘g‘on ichakning bir qismining tug‘ma nuqsoni bo‘lib, chaqaloqlarda axlat chiqarish jarayonini izdan chiqaradi.

Girshprung nima? Kasallikning asl mohiyati
Girshprung kasalligi — bu ichak devorlarida joylashgan asab tugunlarining (Meysner va Auyerbax plexuslari) rivojlanmasligi yoki umuman bo‘lmasligi natijasida yuzaga keladigan tug‘ma patologiya. Bu esa ichaklar harakatining (peristaltika) izdan chiqishiga olib keladi. Natijada, najas ichakda to‘planib qoladi, ich qotadi va qorin shishadi.

Tibbiy kuzatuvlarga ko‘ra, bu muammo asosan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda aniqlanadi. Ayniqsa, o‘g‘il bolalarda uchrashi ehtimoli yuqori bo‘lib, har 4 ta holatdan 3 tasi aynan o‘g‘il bolalarda kuzatiladi.

Sabablar: Girshprung qanday vujudga keladi?
Olimlar ushbu kasallikni ona homiladorligi davridagi ayrim omillar bilan bog‘lashadi:
- Homiladorlikni stress yoki kasalliklar bilan o‘tkazish;
- Bo‘yida bo‘lganda yetarli miqdorda vitaminlar (ayniqsa, V guruhi) olmaslik;
- Dastlabki haftalarda o‘tkir infeksion kasalliklarga chalinish;
- Avitaminoz va ovqatlanishdagi nosog‘lom odatlar.

Bu omillar bola asab tizimining to‘laqonli shakllanishiga to‘sqinlik qilib, ichaklarda nerv impulslarini yetkazuvchi hujayralarning yo‘qligiga olib keladi.

Asoratlar: Boladagi ogohlik belgilariga e’tibor bering
Kasallikning ilk belgilari orasida:
- Tug‘ilganidan so‘ng 48 soat ichida najas chiqmasligi;
- Qorin bo‘shlig‘ining shishib ketishi;
- Tez-tez qusish, ayniqsa yashil tusli suyuqlik bilan;
- Bola ishtahasining yo‘qolishi va tez charchashi.

Yig‘ilib qolgan najas vaqtida tashqariga chiqmasa, toksinlar ichak devoridan so‘rilib, butun organizmni zaharlay boshlaydi. Bunday holda bola lohas, ozg‘in bo‘lib qoladi, terisi quriydi, ko‘z atrofi cho‘kadi, oyoqlari ingichkalashadi.

Davo yo‘llari: Har doim yechim bor
Girshprung kasalligining davolash usullari ikki turda olib boriladi:
1. Konservativ usul — agar holat yengil bo‘lsa, bolaga dori-darmonlar, fiziologik huqna, to‘g‘ri ovqatlanish va parhez belgilanadi. Bu orqali ichaklar muntazam tozalanib, bolaning umumiy holati yaxshilanadi.
2. Jarrohlik aralashuvi — og‘ir holatlarda esa kengaygan va ishdan chiqqan ichak qismi olib tashlanadi. Operatsiyadan so‘ng ichaklarning tabiiy funksiyasi tiklanadi, bola normal hayot tarziga qaytadi.

Operatsiyadan keyingi parvarish: e’tiborli bo‘lish zarur
Jarrohlikdan keyin bolalarda kolit — yo‘g‘on ichakning yallig‘lanishi kuzatilishi mumkin. Shuning uchun:
- Qovurilgan va yog‘li ovqatlardan tiyilish kerak;
- Bug‘da pishirilgan, engil hazm bo‘ladigan bo‘tqalar va sho‘rvalar afzal;
- Bolaning ovqatlanishi va dam olish rejimi qat’iy nazoratda bo‘lishi lozim.

O‘z vaqtida tashxis — yarim davolash!
Girshprung sindromi dastlabda oddiy ich qotishdek tuyulsa-da, uni e’tiborsiz qoldirish mumkin emas. Bu kasallik faqat ichak faoliyatiga emas, balki butun organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun farzandingizda shubhali alomatlar paydo bo‘lsa, mutaxassisga murojaat qiling.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Bolada ichi kelyaptimi yoki to‘xtab qolganmi? Girshprung xavfiga e’tibor bering!