
So‘nggi yillarda yoshlar va kattalar orasida terida husnbuzar va turli dog‘larning paydo bo‘lishi haqida shikoyatlar ko‘paygan. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida ovqatlanish tarzidagi xatolar ko‘rsatilmoqda. Aslida, har kuni iste’mol qiladigan ba’zi mahsulotlar terida yog‘lilikni oshirib, bezovta qilishi va husnbuzarlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘p qahva ichish organizmda stress uchun mas’ul bo‘lgan kortizol gormoni ishlab chiqarishni keskin oshiradi. Mana shu gormonning yuqori darajada bo‘lishi nafaqat ichki bezovtalik, balki terining tuzilishida ham salbiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Natijada, yuzda husnbuzarlar va turli dog‘lar ko‘payishi kuzatiladi.
Yog‘li pishloqlar, sut, muzqaymoq va shu kabi mahsulotlar ham teri salomatligi uchun xavf manbai hisoblanadi. Bu mahsulotlar yog‘ bezlarini faol ishlatib yuboradi, bu esa poralar (teshiklar)ning tiqilishiga, aknelar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Shirinliklar va unli mahsulotlar ham terimizga foydali emas. Shakar, shokolad, pechene, tort kabi shirin taomlarni ko‘p iste’mol qilish organizmda insulin darajasini oshiradi. Insulinning yuqori darajasi esa terida yog‘lilikni kuchaytiradi, bu esa husnbuzarlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bundan tashqari, bu mahsulotlar moddalar almashinuviga salbiy ta’sir ko‘rsatib, immunitetni ham susaytirishi mumkin.
Fast-fudlar – bugungi kunda ko‘pchilikning sevimli taomiga aylangan. Ammo bularning tarkibidagi sifatsiz yog‘lar, mayonez va ketchuplar nafaqat ichki a’zolarimizga, balki terimizga ham zarar yetkazadi. Tez tayyorlanuvchi taomlar doimo terida yangidan-yangi husnbuzarlar va dog‘lar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Mutaxassislar terining sog‘lom va musaffo bo‘lishi uchun parhezga amal qilishni, ko‘proq sabzavot va mevalarni iste’mol qilishni, ozuqa ratsionidan yuqorida sanab o‘tilgan mahsulotlarni imkon qadar cheklashni tavsiya etadi. Tozalik, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish teri muammolarining oldini olishda muhim omil hisoblanadi.
Zamin.uz tavsiyasi: Teringizning sog‘lig‘i uchun foydali mahsulotlarni tanlang va zararli ovqatlardan uzoq yuring! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar