date

Ovqatdan zaharlanish holatlari ko‘paymoqda: bolalar orasida xavotirli raqamlar!

Ovqatdan zaharlanish holatlari ko‘paymoqda: bolalar orasida xavotirli raqamlar!
O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar—may oylari davomida ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jiddiy raqamlar qayd etildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, bu muddat ichida 14 ta zaharlanish holati ro‘yxatga olingan va ular natijasida 42 nafar fuqaro jabrlangan.

Qayd etilishicha, ularning katta qismi — aniqrog‘i, 10 ta holat — uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari bilan bog‘liq bo‘lib, botulizm kasalliklari qayd etilgan. Bu holatlarda jabrlanganlardan 8 nafari bolalar ekani alohida qayd etildi.

Shuningdek, yana 3 ta holatda ovqat toksikinfeksiyasi aniqlangan bo‘lib, 13 nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgan, ulardan ham 8 nafari — bolalar. Bundan tashqari, kimyoviy moddadan zaharlanish bilan bog‘liq 1 ta alohida holat ham qayd etilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil davomida mamlakat bo‘ylab 20 184 ta umumiy ovqatlanish korxonalaridan 1 512 tasida (7,49 foiz) sanitariya va gigiyena talablariga rioya etilish holati tekshirilgan. Ulardan 664 tasida (3,29 foizi) qoidalar buzilgani aniqlangan.

Bunday holatlar nafaqat aholining salomatligi, balki sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonch uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Bolalarning zaharlanish holatlarida yuqori ulushni tashkil etishi esa ota-onalar va jamoatchilikni yanada hushyor bo‘lishga chorlaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab taxminan 600 million kishi zaharli yoki sifatsiz ovqat iste’moli sababli kasallanadi. Bu esa xavfli oziq-ovqat mahsulotlari masalasida nazoratni kuchaytirish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Mutasaddi idoralar esa aholidan uy sharoitida konserva mahsulotlarini tayyorlashda ehtiyotkorlik va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda. Mazkur zaharlanish holatlarining oldini olishda nafaqat davlat idoralari, balki fuqarolarning o‘zlari ham mas’ul ekani ta’kidlanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Ovqatdan zaharlanish holatlari ko‘paymoqda: bolalar orasida xavotirli raqamlar!