
Inson qarishiga doir eng ko‘p so‘raladigan savollardan biri — nega terida ajinlar paydo bo‘ladi? Bu tabiiy jarayonmi yoki undan qutulish mumkinmi? Yaqinda amerikalik olimlar ushbu savolga ilmiy asosda javob berishdi, deb xabar berdi Peopletalk.
Ilmiy tadqiqot nimani ko‘rsatdi?
Bingemton universiteti (AQSH) olimlari olib borgan sinov natijalariga ko‘ra, ajinlar — teriga uzoq muddat davomida ta’sir qiluvchi zo‘riqish va bosim natijasida paydo bo‘ladi.
Bu haqda Science Direct nashri orqali e’lon qilingan maqolada so‘z yuritilgan. Olimlar inson teri parchalarini maxsus uskuna yordamida sun’iy ravishda cho‘zib, uning qanday o‘zgarishlarga yuz tutayotganini kuzatishgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu jarayon plastilin bilan o‘xshashlikka ega: gorizontal ravishda cho‘zilganda vertikal yo‘nalishda siqilish sodir bo‘ladi. Xuddi shunday holat terida ham ro‘y beradi. Vaqt o‘tishi bilan bu cho‘zilish murakkab shaklga aylanadi va ajinlar ko‘rina boshlaydi.
Olimlar ta’kidlashicha, inson terisi har kuni turli harakatlarga uchraydi — yuzdagi mimikalar, uxlash holati, quyosh ta’siri, havo iflosligi va boshqa omillar teriga bosim va zo‘riqish keltiradi.
“Teri yillar o‘tishi bilan o‘z egiluvchanligini yo‘qotadi. Ayniqsa yonlama (poperech) yo‘nalishdagi cho‘zilishlar uning tezroq burmalanishiga sabab bo‘ladi. Buning asosiy sababi — tinimsiz zo‘riqish,” — deyiladi tadqiqot xulosasida.
Yurtimizdagi iqlim sharoiti va hayot tarzi ushbu tadqiqot bilan bevosita bog‘liq. Kuchli quyosh, havodagi chang, nomuvozanat ovqatlanish, uyquning yetarli emasligi kabi holatlar teri salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ayniqsa, ayollar o‘rtasida teri parvarishiga qiziqish yuqori. Biroq faqat tashqi vositalar bilan parvarish qilish yetarli emas. Tana va asab tizimiga ortgan zo‘riqishni kamaytirish — ajinlarning oldini olishda muhim omil hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!