
Tibbiy jihatdan isbotlangan barcha xavflarga qaramay, sigaret chekish yana ommalashib borayotgani kuzatilmoqda. Moda, shou-biznes va ijtimoiy tarmoqlar orqali bu illat yana ko‘pchilikni o‘ziga jalb qilmoqda, deb xabar bermoqda Peopletalk nashri.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Britaniyalik qo‘shiqchi Charli XCX'ning to‘y marosimida mehmonlarga kumush taxtada yupqa sigaretlar taklif etildi. Parijdagi Khy brendi (Kayli Jennerga tegishli) taomilida ham ofitsiantlar aynan shunday tarzda mehmonlarni sigaret va brendli gugurt bilan kutib oldi.
Qo‘shiqchilar Lord va Eddison Rey so‘nggi qo‘shiqlarida sigaret chekishni tilga olishgan. Sabrina Karpenter esa o‘zining "Manchild" videoklipida sigaret o‘rnida vilkadan foydalanadi. Hatto aktrisa Dakota Jonson ishtirok etgan “Materialistka” filmida sigaret ustida ko‘p kadrlar bor. "The Bear" serialining oxirgi mavsumida esa hatto chekmaydigan Sidni personaji sigaret yoqishga urinib ko‘radi.
Jared Oviatt, Cigfluencers nomli Instagram sahifasi muallifi, sigaretni shunday ta’riflaydi:
«Ular xuddi ko‘k jinsilar kabi – moda tendensiyalaridan omon qolgan. Stabillik, uy-joy va moliyaviy xavfsizlik kabi tushunchalar ko‘pchilik uchun orzuga aylandi. Shuning uchun ko‘plar: “Nima uchun men xohlagandek yashamasligim kerak? Nima uchun chekish mumkin emas? Baribir hech narsa ahamiyatga ega emas!” degan fikrni o‘ylay boshlashmoqda».
Mazkur fikr orqali u noumid va charchagan avlodning ruhiy holatidagi o‘zgarishlarga ishora qilmoqda. Sigaret bu yerda faqat nikotinga bog‘liqlik emas, balki ichki bo‘shliq va qaramlikning belgisi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, shifokorlar va sog‘liqni saqlash tashkilotlari sigaret chekishning jiddiy oqibatlari haqida doimiy ravishda ogohlantirib kelmoqda: o‘pka raki, yurak-qon tomir xastaliklari, teri qarishining tezlashishi, homiladorlikdagi muammolar va boshqa ko‘plab xavflar.
O‘zbekistonda ham sigaret chekishga qarshi qonuniy cheklovlar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi kampaniyalar amalga oshirilmoqda. Lekin ayrim yoshlar hali ham uni moda yoki erkinlik belgisi sifatida qabul qilishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!