Inson organizmida qarish jarayoni bir vaqtda va barcha organlarda bir xil sodir bo‘lmaydi. Masalan, bolalik bosqichi tez o‘sish va o‘zgarishlar bilan tavsiflansa, yoshlikda ko‘proq barqarorlik va faollik ustuvor bo‘ladi. Ammo 50 yoshdan so‘ng hayotimizdagi barcha jarayonlar va organlarda tub o‘zgarishlar ro‘y berishi tezlashadi.
Xitoy Fanlar Akademiyasida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, aynan 50 yoshdan keyin inson tanasida organlar va to‘qimalarda qarish jarayoni ancha tezlashadi. Mutaxassislar 14 yoshdan 68 yoshgacha bo‘lgan odamlardan olingan to‘qima namunalarini tahlil qilar ekan, turli organlardagi oqsil tarkibi va ulardagi o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Olimlar tananing yetti tizimini – yurak-qon tomirlaridan to teri va mushaklargacha tahlil qildi. Qiziqarlisi, eng jiddiy o‘zgarishlar aynan aortada – insonning asosiy qon tomirlarida namoyon bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, tomirlar boshqa organlarga nisbatan tezroq qariy boshlaydi. Ya’ni, qarish jarayonida qon aylanish tizimi birinchi o‘ringa chiqadi.
Ilmiy natijalarga ko‘ra, ayniqsa 45 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan davrda tananing oqsil tarkibi keskin o‘zgaradi. Olimlar bu jarayonni “proteomik qayta qurish” deb atashadi. Faqat qon tomirlari emas, balki oshqozon osti bezi va taloq kabi boshqa organlar ham bu o‘zgarishlardan mustasno emas.
Tadqiqotchilar 48 ta qarish va kasalliklar bilan bog‘liq oqsillarni aniqlashdi. Ularning darajasi yosh o‘tishi bilan oshib boraveradi. Bu oqsillar orasida yurak-qon tomir muammolari, to‘qima fibrozi va yog‘li jigar kasalliklari kabi ko‘plab xastaliklar bilan bog‘liq belgilari mavjud.
Topilmalarni yanada aniqlash maqsadida olimlar sichqonlar ustida tajriba o‘tkazishdi. Ularda aorta qarishi bilan bog‘liq bo‘lgan oqsillar kiritilganda, yosh kemiruvchilarda muvozanat yo‘qolishi, chidamlilik pasayishi va qon tomirlarining qarish belgilari namoyon bo‘ldi.
Avvalgi tadqiqotlar qarishning tezlashgan ikki bosqichini – taxminan 44 va 60 yoshlar oralig‘ida aniqlagan edi. Yangi ilmiy natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, qarish sakrash va to‘xtashlar bilan kechadi hamda turli vaqtlarda turli organlarga ta’sir qiladi.
Bu kabi ishlar inson organizmida qaysi organlar avval qariydi, bu jarayonni qanday sekinlashtirish mumkin, degan savollarga aniqroq javob topishga yordam beradi.
Olimlar ishonadi: oqsil o‘zgarishlarining xaritasi kelajakda yoshga bog‘liq kasalliklarga qarshi kurashish uchun yangi, maqsadli tibbiy choralar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanada qarishning birinchi belgilari qaysi organlarda namoyon bo‘ladi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar