
Janubiy Koreya poytaxtida ijtimoiy yolg‘izlik muammosi kuchayib borayotgani sababli Seul shahri mart oyidan “mehribon do‘konlar” loyihasini ishga tushirdi. Bu maskanlar bepul issiq ovqat, suhbat va dam olish imkoniyatlari orqali yolg‘iz yashovchilarni jamiyatga qayta jalb etishni maqsad qilgan. Dastlab bir yil ichida 5 ming tashrifchi kutilgan bo‘lsa, bir necha oy ichida bu ko‘rsatkich 20 mingdan oshdi.
Dongdemun tumanidagi filial kuniga o‘rtacha 70–80 nafar tashrifchini qabul qiladi. 2022-yilgi tadqiqotga ko‘ra, Seulda 19–39 yosh oralig‘ida 130 mingga yaqin yosh kishi ijtimoiy yolg‘izlik muammosi bilan yashaydi. “Mehribon do‘konlar” uy mehmonxonasi kabi qulay muhit yaratadi: film tomosha qilish, massaj kreslosida dam olish, issiq ramyon tayyorlash imkoniyati mavjud.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Janubiy Koreyada “yolg‘iz o‘limlar” soni oshib bormoqda. Loyihaga mas’ullar “do‘kon” nomini tanlab, uni ruhiy yordam markazidan farqlashga harakat qilgan. Bu, ayniqsa, psixologik yordam olishga doir stigma mavjud bo‘lgan jamiyatda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Do‘konlar nafaqat muloqot maydoni, balki sovuq yoki issiq mavsumlarda kam ta’minlanganlar uchun qulay iqlim sharoitini ham ta’minlaydi. Mutasaddilarning aytishicha, bu joylar odamlarning yolg‘izlik hissini yengish va jamiyat bilan aloqani tiklashda samarali bo‘lib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar