Dunyo tibbiyotida muhim yangilik — Garvard universiteti olimlari Alsgeymer kasalligini davolash yo‘nalishida katta yutuqqa erishdi. Bu og‘ir neyrodegenerativ xastalik odamning xotirasini yo‘qotishiga olib keladi va hozirda butun dunyoda 55 milliondan ortiq inson undan aziyat chekadi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, xotiraning keskin yomonlashishi miyadagi litiy moddasi miqdorining kamayishi bilan bog‘liq ekan. Olimlar litiy tanqisligini to‘ldirish orqali yo‘qotilgan xotirani tiklash va kasallik rivojlanishini to‘xtatish mumkinligini aniqladilar.
Hozircha tadqiqotlar laboratoriya bosqichida bo‘lib, olimlar klinik sinovlarni o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Agar natijalar tasdiqlansa, yangi dori ishlab chiqarilishi va amaliyotga joriy etilishi mumkin.
Mutaxassislar bu kashfiyotni «nafaqat tibbiyot, balki insoniyat uchun ham katta umid» deb baholamoqda. Chunki Alsgeymer xastaligi qarilikdagi demensiyaning eng keng tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi va hozircha uni to‘liq davolash imkoni yo‘q edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!