
Hindiston Oliy sudi Dehli va atrofidagi hududlarda barcha daydi itlarni sakkiz hafta ichida ko‘chalardan olib, hayvonlar boshpanalariga joylashtirishni buyurdi. Qaror, it tishlashidan kelib chiqadigan quturish kasalligi xavfi ortib borayotgani sabab qabul qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Dehlida daydi itlar soni bir millionga yaqin bo‘lib, Noida, Gaziobod va Gurugram shaharlarida ham son ortmoqda. JSST hisobiga ko‘ra, Hindiston dunyodagi quturishdan o‘limlarning 36 foizini tashkil etadi.
Sud qaroriga binoan, har biri kamida 5 000 itga mo‘ljallangan boshpanalar quriladi. Ular sterilizatsiya, emlash va kuzatuv kamerasi bilan jihozlanadi. Sterilizatsiya qilingan itlarni ko‘chaga qaytarish taqiqlanadi, shuningdek, bir hafta ichida maxsus ishonch telefoni yo‘lga qo‘yiladi.
Hayvon huquqlarini himoya qiluvchilar belgilangan muddatni amalda bajarib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. PAWS tashkiloti asoschisi Nilesh Bhanagening aytishicha, mamlakat shaharlaridagi boshpana joylari ehtiyojning hatto 1 foizini ham qoplay olmaydi. Uning fikricha, muammoni hal qilish uchun itlarni emlash va sterilizatsiya qilish ishlarini kuchaytirish, shuningdek, chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilash kerak.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Hindistonda 3,7 millionta it tishlash holati qayd etilgan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda quturishdan yiliga 18–20 ming odam vafot etadi, hukumat statistikasi esa 2024-yilda 54 o‘lim holatini ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar