date

Energetik ichimliklar tez-quvvat beradi, ammo sog‘liqqa zarar

Energetik ichimliklar tez-quvvat beradi, ammo sog‘liqqa zarar

Quvvat ulashadi, uyquni qochiradi, ammo organizmni shifolamaydi: energetik ichimliklar haqiqatan ham xavflimi?

Bugungi kunda ko‘pchilik yoshlar va talabalar o‘z kunlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun energetik ichimliklarga murojaat qiladi. Chunki ular tez va quvvatli ta’sir ko‘rsatadi, uyquni qochiradi va ish samaradorligini vaqtincha oshiradi. Ammo sog‘liq uchun ular hech qanday foydali ta’sir ko‘rsatmaydi, aksincha, yashirin xavfni olib keladi.

Energetik ichimliklar asosan kofein va shakarga boy. Kofein markaziy asab tizimini faollashtirib, miya hujayralarini “uyg‘otadi”, uyquni qisqa muddatga yo‘q qiladi va sergaklik beradi. Biroq doimiy iste’mol uyqusizlik, charchoq va ruhiy beqarorlikka olib keladi. Mutaxassislar eslatadiki, bir shisha (250–330 ml) energetik ichimlikdagi kofein miqdori ikki-uch stakan qahvadan ham ko‘p bo‘lib, yurak urishi tezlashishi, qon bosimi oshishi va hatto yurak ritmi buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yoshlar va yurak-qon tomir kasalligi borlar uchun bu holat alohida xavfli hisoblanadi.

Shakar ham jiddiy muammolar keltirishi mumkin. 0,5 litrlik ichimlikda taxminan 15–18 choy qoshiq shakar bor. Bu esa JSST tavsiya qilgan kunlik me’yordan bir necha barobar ko‘pdir. Shu sabab, energetik ichimliklar orqali inson qisqa muddatli energiya oladi, lekin sog‘liq uchun salbiy oqibatlar uzoq muddatda seziladi: semirish, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari va tish emali yemishishi.

Bundan tashqari, energetik ichimliklarda taurin, guarana va V guruhi vitaminlari ham mavjud, lekin ularning miqdori organizm uchun sezilarli ta’sir ko‘rsatishga yetarli emas. Bu qo‘shimchalar foydadan ko‘ra marketing vositasi sifatida ishlatiladi va iste’molchilarni xavflardan chalg‘itishi mumkin.

Ichimliklarning yarqin rangi va taami ham sun’iy qo‘shimchalar hisobiga bo‘lib, uzoq muddatli iste’molda allergiya, terida izlar paydo bo‘lishi, bronxial astma va hatto bolalarda giperaktivlikka sabab bo‘lishi mumkin. Ta’m kuchaytiruvchilar esa hazm tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ko‘p hollarda ko‘ngil aynishini keltirishi ehtimoli bor.

Dunyo tajribasi ko‘rsatadiki, energetik ichimliklarning me’yordan ortiq iste’moli yoshlar orasida tez-tez shoshilinch tibbiy yordam talab qilish holatlarini ko‘paytirmoqda. AQSH va Yevropada hatto o‘lim holatlari ham qayd etilgan. Shu sabab, ayrim mamlakatlarda ularning sotilishi yoshlar uchun taqiqlangan. O‘zbekistonda esa hozircha har qanday cheklovlarsiz, istalgan yoshda xarid qilish mumkin.

Shu bois, mutaxassislar tavsiya qiladilar: insonning eng katta energiya manbai — sun’iy ichimliklar emas, balki sog‘lom uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik bo‘lishi kerak. Qisqa muddatli tetiklik va tez quvvat hissi qo‘llanilsa ham, uzoq muddatda yurak-qon tomir kasalliklari, asabiy buzilishlar va uyqusizlik kabi salbiy oqibatlar paydo bo‘lishi mumkin.

Xulosa qilib aytish mumkinki, energetik ichimliklar inson organizmi uchun foydali energiya manbai emas, balki yashirin xavf va salomatlik uchun ortiqcha yukdir. Shuning uchun ulardan ehtiyotkorona foydalanish va asosiy energiyani tabiiy usullar orqali olish kerak.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Energetik ichimliklar tez-quvvat beradi, ammo sog‘liqqa zarar