Global isish masalasi insoniyatni tobora ko‘proq tashvishga solmoqda. Olimlar tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlarda esa haddan tashqari issiqlikning faqat noqulaylik yoki salomatlikka qisqa muddatli ta’sir emas, balki biologik qarish jarayonini ham tezlashtirishi mumkinligi aniqlandi. Bu haqda “Nature Climate Change” nashri ma’lum qildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, issiqlik to‘lqinlari inson organizmi uchun spirtli ichimliklardan ham xavfliroq ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, joriy yilning yozida Angliyada kuzatilgan birgina kuchli issiqlik davrida 600 ga yaqin insonning erta vafoti qayd etilgan.
Tayvanda amalga oshirilgan keng ko‘lamli tadqiqotda o‘rtacha yoshi 46 da bo‘lgan qariyb 25 ming kishi ishtirok etdi. 15 yil davom etgan kuzatuvlardan keyin ma’lum bo‘lishicha, ikki yil ichida atigi to‘rt kun davom etgan kuchli issiqlik to‘lqini ishtirokchilarning biologik yoshini deyarli 9 kunga "qaritgan". Ayniqsa, qishloq joylarda yashovchi, qo‘l mehnati bilan mashg‘ul bo‘luvchi va sovitish uskunalari cheklangan odamlar bu ta’sirni kuchliroq his qilishgan.
Ilmiy izohlarda qayd etilishicha, issiqlik to‘lqini deganda faqat yuqori harorat emas, balki mahalliy iqlim me’yorlaridan keskin yuqori va odatiy bo‘lmagan issiq kunlar majmuasi tushuniladi. Qisqa vaqtda bunday harorat inson tanasining tabiiy sovitish mexanizmlariga og‘ir bosim o‘tkazadi. Terlash va qon aylanishining tezlashishi badan haroratini barqarorlashtirsa-da, cheksiz issiqlik yurak va buyraklarga ortiqcha yuklama qiladi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, yuqori harorat uzoq davom etganda nafaqat organizmning charchashiga, balki yurak-qon tomir kasalliklari, buyrak xastaliklari va nafas yo‘llari bilan bog‘liq surunkali muammolarga ham olib kelishi mumkin.
Xalqaro hisobotlar ham vaziyatning jiddiyligini ko‘rsatadi. “World Weather Attribution” ekspertlari ma’lumoticha, 2022 yilning yozida Yevropada issiqlik sababli taxminan 63 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan. Shu bilan birga, Xalqaro mehnat tashkiloti dunyodagi 2,4 milliarddan ziyod inson kasbiy issiqlik stressidan aziyat chekishi va har yili 19 mingga yaqin ishchi aynan shu omil tufayli halok bo‘lishini qayd etgan.
Shu tariqa, olimlar global isish va issiqlik to‘lqinlari inson hayoti va sog‘ligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotganini yana bir bor ogohlantirmoqda. Mutasaddilar esa aholini ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga, issiq kunlarda ko‘proq suv ichish, dam olish va sog‘lig‘ini nazorat qilishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!