date

Kuzgi apatiya sabablari va undan chiqish yo‘llari haqida

Kuzgi apatiya sabablari va undan chiqish yo‘llari haqida

Kuz fasli kirib kelishi bilan kunlar qisqara boshlaydi, havo salqinlashadi va tabiatdagi o‘zgarishlar inson ruhiyatida ham sezilarli aks etadi. Ayrim odamlar beixtiyordan yalqovlashadi, boshqalar esa hech bir sababsiz charchash, asabiylashish va ruhiy tushkunlikka tushish holatini boshidan kechiradi. Mutaxassislar buni “kuzgi apatiya” deb nomlaydi.

Psixolog Inkar To‘legenova Jibek Joly telekanalidagi «Bүgіn LIVE» dasturida ushbu holatning sabablari, belgilari va undan chiqish yo‘llari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Uning aytishicha, “apatiya” so‘zi ildizi yunon tilidan olingan bo‘lib, “befarqlik” yoki “loqaydik” degan ma’noni anglatadi. Qadimgi mutafakkirlar bu holatni ortiqcha his-tuyg‘ulardan qutulish va ichki tinchlikka erishish jarayoni sifatida talqin qilishgan. Ammo zamonaviy tibbiyotda bu atama salbiy holat sifatida baholanadi.

1980-yillarda amerikalik psixiatr Norman Rozental ilmiy izlanishlar olib borib, mavsumiy iqlim o‘zgarishi tufayli odamlarda hayotga qiziqish va energiyaning pasayishi aniqlanishi bilan “kuzgi apatiya” tushunchasini kiritgan.

Psixolog ta’kidlashicha, kuzgi apatiya ko‘pincha mavsumiy xususiyatga ega bo‘lib, odatda bir haftadan uch haftagacha davom etadi. Bu davrda insonda ishtaha yo‘qolishi, uyqu rejimining buzilishi, ish va o‘qishga nisbatan qiziqishning pasayishi kuzatiladi.

– Apatiya va depressiyani bir-biri bilan adashtirish to‘g‘ri emas. Apatiya ko‘proq mavsumiy o‘zgarishlar ta’sirida paydo bo‘lsa, depressiya esa odatda insonning ichki ruhiy jarohatlari bilan bog‘liq bo‘ladi, – deydi mutaxassis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kuzgi apatiyaning asosiy sababi kunning qisqarishi va tundagi soatlar sonining ortishi, ya’ni biologik ritmlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yozgi ta’tildan keyin ishga va o‘qishga moslashish jarayoni ham ruhiyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Psixolog apatiyani yengish uchun bir qator tavsiyalarni keltirdi:

• inson albatta dam olish uchun vaqt ajratishi zarur;

• ijobiy fikrlashni kundalik odatga aylantirish muhim;

• sport bilan shug‘ullanish va quyosh nuridan ko‘proq foydalanish kerak;

• sog‘lom ovqatlanish va vitaminlardan foydalanish tavsiya etiladi;

• yaqinlar va do‘stlar bilan munosabatlarni doimiy ravishda saqlab turish lozim.

Mutaxassisning fikricha, ko‘pchilik kuzni g‘amginlik, qisqa kunlar, nam va sovuq havo, atrofdagi loy bilan bog‘laydi. Ammo bu davrni mo‘l-ko‘lchilik, yutuqlar va yangi imkoniyatlar fasli sifatida ham qabul qilish mumkin. Agar insonning kuzga munosabati ijobiy tomonga o‘zgarsa, loqaydlik va apatiya ta’siri sezilarli darajada kamayadi.

Shu bilan birga, agar tushkunlik holati uch haftadan ortiq davom etsa, mutaxassislar psixolog yordamiga murojaat qilishni maslahat berishadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Kuzgi apatiya sabablari va undan chiqish yo‘llari haqida