date

Xavotir va tushkunlik qon bosimini necha marta oshirishi ma’lum bo‘ldi

Xavotir va tushkunlik qon bosimini necha marta oshirishi ma’lum bo‘ldi

Arterial gipertenziya — dunyo bo‘yicha eng keng tarqalgan kasalliklardan biri sifatida qayd etiladi. Bu xastalik bilan og‘riganlar orasida har o‘ninchi bemor dori vositalari yordamida ham to‘liq samaraga erisha olmayotgani mutaxassislarni tashvishga solmoqda. Sechenov universiteti olimlari olib borgan tadqiqotlar bu muammoning yana bir jiddiy sababini ochib berdi. Ularga ko‘ra, qon bosimi oshishiga faqatgina fiziologik omillar emas, balki ruhiy holat — xavotir va depressiya ham katta ta’sir ko‘rsatadi.

Olimlarning ma’lumoticha, gipertoniyaga chalingan bemorlarning qariyb 36,8 foizi turli darajadagi xavotir yoki tushkunlik holatlaridan aziyat chekishadi. Psixiatriya va psixosomatika kafedrasi mudiri, Klinik tibbiyot instituti direktori Beatrisa Volel bu haqda shunday deydi: «Xavotir va tushkunlik qondagi o‘zgarishlarga olib keladi. Xususan, qon quyuqlashishi, tromblar hosil bo‘lish xavfi oshishi, yurak urishi tezlashishi va qonda glyukoza miqdori ko‘payishi kuzatiladi».

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ruhiy holatning ta’siri ayniqsa keksalarda yaqqol seziladi. Masalan, xavotir yoki depressiya bilan yurgan erkaklarda gipertoniya xavfi 3,6 marta, ayollarda esa 7 marta yuqori bo‘ladi. O‘rta yoshlilar orasida ham bu ko‘rsatkich ikki baravar oshishi mumkin.

Qizig‘i, ko‘pgina bemorlar infarkt yoki insult xavfidan qo‘rqib, doimiy vahimaga tushib qolishadi. Natijada qon bosimi yanada oshib, salomatlik holati yomonlashadi. Professor Volelning fikricha, bu zanjirli reaksiya singari jarayon bo‘lib, bemorni yanada og‘ir ahvolga tushirishi mumkin.

Tadqiqotchilarning umumiy xulosasiga ko‘ra, gipertoniya tashxisi va davolash jarayonida albatta bemorning psixik holati ham chuqur o‘rganilishi zarur. Shunga ko‘ra, kelgusida kardiologlar va ruhshunoslar birgalikda ish olib borishlari, hamkorlikda individual yondashuvlar ishlab chiqishlari shart.

Mutaxassislar aholini nafaqat dori vositalari bilan, balki sog‘lom turmush tarzi, stressni kamaytirish, to‘g‘ri dam olish va ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlash orqali ham gipertoniyadan asrash mumkinligini urg‘ulashmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Xavotir va tushkunlik qon bosimini necha marta oshirishi ma’lum bo‘ldi