Odamlar orasida uzoq yillardan beri keng tarqalgan fikr mavjud: “kam miqdorda alkogol ichish salomatlik, ayniqsa miya uchun foydali bo‘lishi mumkin”. Biroq Oksford, Yel va Kembrij universitetlari olimlari tomonidan olib borilgan yirik tadqiqot bu qarashni tubdan inkor etdi.
BMJ Evidence-Based Medicine jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada ta’kidlanishicha, hatto eng yengil turdagi spirtli ichimlik ham demensiya – xotira va tafakkur faoliyatining keskin pasayishiga olib kelishi mumkin. Mualliflar bunday odatning miya uchun “hech qanday xavfsiz chegarasi mavjud emasligini” alohida urg‘u bilan qayd etdi.
Tadqiqot jarayonida AQSHdagi Million Veteran Program va Buyuk Britaniyadagi UK Biobank bazalaridagi 559 mingdan ortiq ishtirokchining tibbiy ma’lumotlari o‘rganildi. Ularning 14 ming 540 nafariga turli shakllardagi demensiya tashxisi qo‘yilgan. Bundan tashqari, olimlar 45 ta alohida izlanishni qiyosiy tahlil qilib, 2,4 million odamning genetik ma’lumotlarini solishtirdi.
Olingan natijalar juda muhim faktni ko‘rsatdi: spirtli ichimlik iste’molini ikki barobarga oshirish demensiya xavfini 16 foizga ko‘paytirgan. Shuningdek, haftasiga ichiladigan alkogol miqdorini uch baravarga ko‘paytirish xavf darajasini 15 foizga oshirgani kuzatilgan.
Olimlarning aytishicha, bu raqamlar “kam miqdorda ichish foydali bo‘lishi mumkin” degan keng tarqalgan qarashni butunlay yo‘qqa chiqaradi. Aksincha, hatto oz miqdorda spirtli ichimlik iste’moli ham miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, demensiya xavfini kuchaytiradi.
Tadqiqot yetakchisi, Oksford universiteti olimi doktor Anya Topivala shunday dedi:
“Natijalarimiz kam miqdorda alkogol miya salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin degan fikrni rad etdi. Genetik tahlillar hech qanday himoyachi ta’sirni ko‘rsatmadi, balki teskarisini isbotladi. Shu sababli, aholi umumiy alkogol iste’molini qisqartirishi demensiyadan saqlanishning eng samarali yo‘llaridan biri bo‘lishi mumkin”.
Shu tariqa, yangi tadqiqot yana bir bor ko‘rsatmoqdaki, alkogolning “zararsiz” miqdori yo‘q. Har qanday darajadagi spirtli ichimlik inson miyasi uchun xavf tug‘diradi va uning uzoq muddatli salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!