10:42 / 10.03.2017
29 467

Semizlikdan qutulishning eng yaxshi vositalari

Semizlikdan qutulishning eng yaxshi vositalari

Zanjabil (imbir) ham limon kabi azaldan insonlar tomonidan juda ko‘p kasalliklarga qarshi samarali vosita sifatida ishlatilib kelinmoqda. Bu ikkala o‘simlik o‘zining ortiqcha yog‘ni eritish xususiyati bilan mashhurdir. Ozish uchun zanjabil va limon – g‘aroyib ildiz bilan yorqin sitrus mevaning foydali tomonlarini qanday birlashtirish mumkin?

Foydali ma’lumot

Zanjabil nimasi bilan foydali? Uning kimyoviy tarkibida 400 ga yaqin foydali elementlar mavjud. Ushbu ildiz o‘z tarkibida juda kerakli bo‘lgan aminokislotalar, uglevodlar, oz miqdorda yog‘, ko‘p miqdorda sellyulozani saqlaydi. Zanjabil vitaminlarga juda boy (V-guruh vitaminlari, askorbin kilotasi, tokoferol, vitamin K ni alohida ta’kidlash kerak). U o‘zining tarkibida kaliy, fosfor, magniy, temir, kalsiy, rux va shu kabi boshqa mikro- va makroelementlarni, efir moyini saqlaydi. Bu o‘simlik ildizining kaloriyaliligi uning qay holatda ekanligiga bog‘liq – 100 g barra ildizning energetik qiymati 80 kkal ga teng, quritilgan holatda esa bu ko‘rsatkichi deyarli 4 marta oshadi (taxminan 330 kkal/100 g ni tashkil qiladi).

Zanjabil qomat uchun nimasi bilan foydali? U metabolizm jarayonini tezlashtiradi, yog‘ning erishi tezligini oshiradi, immun tizimini oshiradi, shlaklardan forig‘ qiladi, ovqat hazm qilishni normallashtiradi, sport bilan shug‘ullanganda mushaklarga tushadigan og‘riqlarni qoldiradi (sportsiz esa qomatni yaxshilashning imkoni yo‘q). Zanjabil teri tarangligini oshiradi – shu tufayli tananing bo‘shashganligi kamroq seziladi, bu esa vazn yo‘qolayotganligidan darak beradi. Zanjabilning hidi ishtahani ochadi. Biroq shu bilan birga, zanjabilning nojo‘ya ta’sirlarini ham unutmaslik kerak. Bu ta’sirlarga oshqozon yarasi kasalligi, homiladorlik, laktasiya davrlari, bu o‘simlikni ko‘tara olmaslik kabi holatlar kiradi.

Limon qomat uchun nimasi bilan foydali?

Bu meva bizning tanamizdagi ichki muhitning reaksiyasini normallashtiradi (u ishqorli mahsulotlar turkumiga kiradi). U kam kaloriyali meva hisoblanadi (100 g limon 34 kkal ga ega). Bu nordon meva o‘z tarkibida askorbin kislotasini saqlash bo‘yicha etakchi o‘simliklardan biri hisoblanadi. Dietologlarning fikricha, bu vitamin ozish sur’atini oshiradi. Limon o‘z tarkibida sellyuloza saqlaydi, bu modda ovqat hazm qilish a’zolari ishini yaxshilaydi, tanani zararli moddalardan tozalaydi. Metabolizm jarayonining tezlashishiga organik kislotalar yordam beradi. Limon o‘z tarkibida yog‘lar almashinuvi uchun zarur bo‘lgan element – kalsiy saqlaydi. Bu sitrus meva insonning ish qobiliyatini oshiradi, kayfiyatni yaxshilaydi, teri tonusini oshiradi. Limonni o‘tkir bosqichdagi nefrit, oshqozon yarasi kasalligi, pankreatit, gastrit zo‘riqqan paytda iste’mol qilish taqiqlanadi.

Zanjabil limon bilan birgalikda ozishga yordam beradi – bu mevalardan ko‘pincha xushbo‘y yog‘ erituvchi ichimliklar tayyorlanadi. Ta’mni yaxshilash va bu vositalarning samaradorligini oshirish uchun bu ichimliklarga ba’zi qo‘shimchalar qo‘shiladi. Ichimlikning bir martalik porsiyasi uning tarkibiga qarab 0,5-1 stakanni tashkil qiladi. Tayyor zanjabil ichimliklarini suzgichdan suzib olish kerak, agar bunday qilinmasa uning ta’mi juda o‘tkirlashib ketadi.

Ozish uchun zanjabil, limon va asaldan birgalikda foydalanish

100 g zanjabil ildizini tozalab, uni maydalang. Hosil bo‘lgan massani biror idishga solib, ustidan 1,5 l qaynab turgan suv quying hamda 20 daqiqa dam oldiring. Hosil bo‘lgan bu zanjabil ichimligiga 1 ta limon sharbatini siqib chiqaring, 1 osh qoshiq tabiiy asaldan qo‘shing. Hosil bo‘lgan aralashmani yaxshilab aralashtiring. Agarda qo‘l ostingizda barra zanjabil ildizi bo‘lmasa, uning o‘rniga kukun holidagisidan foydalanish mumkin (1,5-2 choy qoshiq).

Bu komponentlardan yana sellyulitga qarshi bog‘lama uchun aralashma ham tayyorlash mumkin. Qaynab turgan suvda 0,5 stakan asalni isiting (40 gradusdan oshib ketishi kerak emas). 5 tomchi limon efir moyidan va yanchilgan zanjabildan bir chimdim qo‘shing. Hosil bo‘lgan aralashmani tanangizning muammoli joyiga surting, ustidan plyonka o‘rab, yarim soat ushlab turing.

Ozish uchun zanjabil, bodring, limondan birgalikda foydalanish

Bodring siydik haydovchi xususiyatga ega bo‘lgan past kaloriyali parhez sabzavot hisoblanadi. Bu sabzavotdan zanjabil-limonli ichimlikning komponenti sifatida foydalanish mumkin. Yalpiz barglari esa bu ichimlikka yanada yoqimli ta’m beradi.

Ichimlikni tayyorlash uchun 4 sm atrofidagi zanjabil ildizini tozalang va maydalang. Limon va bodringni yuvib, parrak-parrak qilib ingichka qilib kesing. 500 ml qaynab turgan suvga zanjabilni qo‘shing hamda olovdan oling. Ustini yopib, dam oldiring. 15 minutdan so‘ng unga bodring va limon bo‘lakchalarini hamda biroz ezilgan yalpiz barglarini qo‘shing. 10-15 minutdan so‘ng 1 osh qoshiq asal qo‘shib, aralashtiring.

Ozish uchun zanjabil, limon, yalpizdandan birgalikda foydalanish

Zanjabil ildizini tozalang va yanching (6 choy qoshiq bo‘lishi kerak). Limon yoki laymning sharbatini siqib chiqaring hamda bu sharbatdan 6-8 choy qoshiq o‘lchab oling. Shishali idishga zanjabilni soling, sharbatni qo‘shing, ustidan 1,5 l qaynab turgan suv soling. Biroz ezilgan yalpiz barglarini qo‘shib, ustini yopib, dam oldiring.

Xulosa o‘rnida

Zanjabil va limondan tayyorlangan ichimliklar sizning ozish bo‘yicha ko‘rayotgan chora-tadbirlaringizda yordam berishi, uning samaradorligini oshirishi mumkin, biroq uning o‘zinigina iste’mol qilish bilan ozib bo‘lmaydi.

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Semizlikdan qutulishning eng yaxshi vositalari