
O‘zbekistonda 1 maydan boshlab elektromobillarni olib kirishda utilizatsiya yig‘imlari sezilarli darajada oshirildi. Bu haqda joriy yilning 31 yanvarida Bosh vazir tomonidan imzolangan qarorda belgilangan edi.
Hujjatga muvofiq, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun avvalgi yig‘im miqdori 4 barobarga ko‘tarilib, 30 bazaviy hisoblash miqdori (11 mln 250 ming so‘m)dan 120 bazaviy hisoblash miqdoriga (45 mln so‘m) oshdi.
Shuningdek, ishlab chiqarilganiga 3 yildan ko‘proq vaqt o‘tgan elektromobillar uchun yig‘im miqdori 2,3 barobar oshirildi. Endi ular uchun 90 bazaviy hisoblash miqdori (33 mln 750 ming so‘m) o‘rniga, 210 bazaviy hisoblash miqdori, ya’ni 78 mln 750 ming so‘m to‘lash lozim bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda BYD Song Plus Champion rusumli elektromobil uchun bojxonadan o‘tish xarajatlari misolida bu o‘zgarishlar yaqqol ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, 1 maydan bu turdagi elektromobillar uchun bojxona yig‘imi 937 ming so‘mni, 12 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i esa 37 mln 923 ming so‘mni tashkil etadi. Utilizatsiya yig‘imi sifatida esa, yuqorida ta’kidlanganidek, 45 mln so‘m to‘lanadi. Natijada ushbu elektromobilni olib kirish uchun umumiy bojxona xarajatlari 83 mln 860 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Qarorga ko‘ra, ikki oy muddatda ushbu utilizatsiya yig‘imlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tartib ishlab chiqilishi lozim edi. Biroq hozircha bu tartib ishlab chiqilgani yoki qanday ko‘rinishda bo‘lishi haqida rasmiy xabar berilmagan. Utilizatsiya yig‘imlarining oshirilishi fonida aholi orasida elektrotransport sohasidagi o‘zgarishlarga qiziqish yanada ortgani kuzatilmoqda.
ElektromobillarUtilizatsiya Yig‘imiO‘zbekistonIjtimoiy TarmoqBojxona XarajatlariBYD Song Plus O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar