
Avtomobil sanoatidagi texnologik inqilob yetakchilaridan biri sanalgan Tesla kompaniyasi Yevropa bozorida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (ACEA)ning so‘nggi oylik hisobotiga ko‘ra, 2024 yil aprel oyida Yevropaning Ittifoq davlatlarida Tesla elektromobillari savdosi 5475 tagacha tushib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 52,6 foizga pasaygan.
Agar ushbu hisobotga Buyuk Britaniya va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga a’zo davlatlar — Islandiya, Norvegiya va Shveysariya ham qo‘shilsa, u holda Tesla'ning savdolaridagi umumiy pasayish 49 foizni tashkil etgan.
Bu holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Joriy yilning yanvar—mart oylarida ham kompaniya Yevropadagi sotuvlari 45 foizga pasayganini qayd etgan edi. Bunda mutaxassislar kompaniyaning YEIdagi bozor ulushi 1,3 foizdan 0,6 foizga tushganini alohida ta’kidlashmoqda. Bu raqamlar Ilon Maskning kompaniyasi Yevropa iste’molchilari orasida o‘z nufuzini asta-sekin yo‘qotib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda, umumiy hisobda Yevroittifoqda elektromobillar savdosi 26,4 foizga oshgan. Bu esa ekologik transport vositalarga bo‘lgan talab o‘sishda davom etayotganini anglatadi. Ammo, shunday ijobiy tendensiyaga qaramay, Tesla bu o‘sishdan deyarli foyda ko‘ra olmagan.
Umumiy avtomobil bozori bo‘yicha esa, YEIdagi savdolar 1,3 foizga oshgan. ACEA bunday o‘sishni bozorning qisman tiklanayotgan belgisi sifatida baholamoqda. Ammo global iqtisodiy beqarorlik tufayli vaziyatda hanuz noaniqlik hukm surmoqda.
Eng yaxshi natijani BMW Group qayd etgan — ularning savdosi 9,8 foizga oshgan. Volkswagen Group 2 foiz, Renault Group esa 1,1 foizlik o‘sishga erishgan.
Tesla dunyo miqyosida ham pasayish kayfiyatini his qilmoqda. 2024 yilning birinchi choragida kompaniya 336,7 mingta avtoulov sotishga muvaffaq bo‘ldi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foiz kam.
Tahlilchilar bu pasayishga Ilon Maskning shaxsiy imiji ham ta’sir qilganini ta’kidlashmoqda. Uning siyosiy maydondagi faolligi, bahsli bayonotlari va turli mojarolardagi ishtiroki mijozlar ongida brendingga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri bo‘lmoqda.
Tesla uchun Yevropa bozoridagi vaziyat xavotirli ko‘rinish olmoqda va kompaniya uchun strategik qayta ko‘rib chiqishlar, yangi yechimlar topish vaqti kelgandek. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar