date

Tesla bilan bog‘liq muammolar chuqurlashmoqda

Tesla bilan bog‘liq muammolar chuqurlashmoqda
Global elektr transport vositalari bozorida yetakchilardan biri bo‘lgan Tesla kompaniyasi bugungi kunda o‘z tarixidagi eng murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Siyosiy mojaro, pasayib borayotgan savdo ko‘rsatkichlari va strategik xatolar kompaniyaning barqarorligiga jiddiy tahdid solmoqda.

Tesla joriy yilning birinchi va ikkinchi choraklarida ketma-ket ravishda 13 foizlik global savdo pasayishini qayd etdi. Bu kompaniya tarixidagi eng katta ikki choraklik pasayish bo‘ldi. Yevropa, AQSh va Osiyodagi talab pasaygani holda, raqobatchilar – xususan, Xitoyning BYD kompaniyasi – bozordagi ulushini tez sur’atda kengaytirmoqda. BYD 2025-yil yakuniga kelib global sotuvlar bo‘yicha Tesla’ni ortda qoldirishi kutilmoqda.

AQShda yangi imzolangan qonunchilik sababli elektr transport xaridorlari uchun $7,500 miqdoridagi soliq imtiyozi bekor qilindi. Shu bilan birga, benzinli avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga qo‘yiladigan ekologik jarimalar ham olib tashlandi. Bu Tesla uchun katta yo‘qotishdir, chunki kompaniya 2019-yildan beri boshqa ishlab chiqaruvchilarga sotilgan regulyator kreditlari orqali 10,6 milliard dollar daromad ko‘rgan.

Mazkur manba yo‘qolgach, Tesla foydasi keskin kamaydi. 2025-yilning birinchi choragida sof foyda 71 foizga qisqardi. Agar kreditlar bo‘lmaganida, kompaniya yana zarar bilan ishlayotgan bo‘lardi.

Ilon Mask Tesla’ning kelajagini avtonom robotaksilar va sun’iy intellekt asosidagi robotlar bilan bog‘lamoqda. Biroq hozirgacha bu texnologiyalar keng ommaga taqdim etilmagan. Austin (Texas) shahrida sinov tariqasida ishga tushirilgan robotaksi xizmatida hali ham haydovchi o‘rnida nazoratchilar o‘tiradi.

Boshqa tomondan, raqobatchi Waymo (Google kompaniyasiga qarashli) allaqachon San-Fransisko, Los-Anjeles va Finiks kabi shaharlarda keng qamrovli robotaksi xizmatini yo‘lga qo‘ygan. 2026-yilda esa kompaniya bu xizmatni Mayami va Vashingtonda ham kengaytirmoqchi.

Ilon Mask yaqinda o‘zining yangi siyosiy partiyasini tashkil etishini e’lon qildi. Bu esa investorlar orasida xavotir uyg‘otdi. Sobiq ittifoqchisi, AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan ochiq mojaroga kirishgan Mask endilikda ikki tomonlama siyosiy bosimga duch kelmoqda. Analitiklar bunga “o‘z-o‘zini brend sifatida zararlash” deb baho bermoqda.

Investitsion banklar, jumladan William Blair, Tesla’ning kelajakdagi daromad prognozlarini pasaytirib, kompaniya aksiyalarini “neytral” holatga tushirishdi. Analitiklar fikricha, hozir aynan kompaniya strategiyasiga e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan paytda Mask’ning siyosiy maydonga sho‘ng‘ishi Tesla’ning rivojlanishiga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Tesla bilan bog‘liq muammolar chuqurlashmoqda