Poytaxtimizda yashovchi fuqaro tomonidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga yuborilgan shikoyat ijobiy yechim topdi. Unga ko‘ra, fuqaro “Asacar” avtosalonidan 221,6 million so‘m qiymatidagi “Onix Premier” avtomobilini dastlabki 50 foiz to‘lov asosida xarid qilgan.
Biroq, avtomobilni gaz ballon o‘rnatish uchun servisga olib borganda, uning ustki qismida bo‘yalgan joylar mavjudligi aniqlandi. Ya’ni, xaridor yangidek berilgan mashinada ilgari buzilgan yoki bo‘yalgan qismlar borligini payqagan. Albatta, bu holat avtomobilning sifatiga, bozor qiymatiga va ishonchliligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Xaridor avvalambor avtosalon rahbariyatiga murojaat qilgan, ammo afsuski, u yerda iste’molchi talabi inobatga olinmagan va avtomobilni yangisiga almashtirib berish rad etilgan. Natijada, fuqaro Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilib, avtomobil bilan bog‘liq 10,5 million so‘mlik qo‘shimcha xarajatlarining qoplanishini so‘ragan.
Mazkur murojaat asosida Qo‘mita tomonidan “UzAvto Motors” AJ bilan hamkorlikda holat o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida, fuqaro haqiqatdan ham sifatsiz avtomobilni qabul qilib olgani tasdiqlandi. Natijada, Raqobat qo‘mitasining sa’y-harakatlari bilan “TOSHKENTDEU” (ya’ni, Asacar Autosentr dileri) MCHJ tomonidan xaridorga yangidan yangi “Onix” avtomobili topshirildi.
Shuningdek, fuqaroning 10,5 million so‘mlik qo‘shimcha xarajatlari ham to‘liq qoplab berilishi ta’minlandi. Bu esa, Qo‘mita tomonidan iste’molchi huquqlari samarali himoya qilinayotganining yana bir yaqqol isboti bo‘ldi.
Mazkur holat boshqa iste’molchilarga ham saboq bo‘lib xizmat qilishi kerak: har bir fuqaro o‘z haqiqatini talab qilishga haqli. Eng asosiysi — qonuniy yo‘l bilan, tegishli idoralarga murojaat qilish orqali.
Qo‘mita iste’molchilarni hushyor va faol bo‘lishga, xarid qilayotgan mahsulotlar sifatiga befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!