Tesla elektromobillari Germaniyadagi savdosi pasayishda davom etmoqda, deb xabar beradi DW nashri.
Bu ma’lumotlar 2025-yil avgust oyidagi Federal Avtotransport agentligi (KBA) tomonidan tayyorlangan rasmiy hisobotda aks ettirilgan. Shu oy davomida Germaniyada faqat 1441 ta Tesla elektromobili ro‘yxatga olingan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39 foizga kamdir.
Shu bilan birga, boshqa elektromobillarga bo‘lgan talab yuqori darajada saqlanmoqda: ularning umumiy savdosi 45,7 foizga oshib, 39 367 taga yetdi. Bu ko‘rsatkich har beshta yangi ro‘yxatga olingan avtomobildan biriga to‘g‘ri keladi. Bozorda esa nemis ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari, birinchi navbatda Volkswagen, ustunlikni saqlab kelmoqda.
KBA hisobotiga ko‘ra, Xitoydan olib kelingan avtomobillar – BYD va MG kabi brendlar – Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan yuqori soliq va tariflarga qaramay, Teslani orqada qoldirib, hatto undan o‘tib ketmoqda.
Tesla elektromobillari savdosi Yevropa bo‘ylab, ayniqsa Fransiya va Shvetsiyada sezilarli darajada pasaygani qayd etildi. Bu holat kompaniya uchun jiddiy signal bo‘lib, Yevropa bozoridagi raqobat va iste’molchilar qiziqishi o‘zgarishini ko‘rsatmoqda.
Muttaxassislar fikricha, bunday tendensiyalar Tesla uchun bozor strategiyasini qayta ko‘rib chiqish va Yevropa iste’molchilari talablariga moslashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!