O‘zbekistonda atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirishga qaratilgan «Ekologik transport» tizimini amalga oshirish muddati uzaytirildi. Hukumatning 2025 yil 4 sentyabrdagi 562-son qaroriga ko‘ra, avtomobillar uchun maxsus ekostikerlarni joriy etish 2026 yil 1 yanvardan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, dastlab mazkur tizim 2025 yil 1 martdan kuchga kirishi rejalashtirilgan edi. Biroq texnik va tashkiliy tayyorgarlik ishlari tufayli uni amalga oshirish bir yilga kechiktirildi.
Qarorga muvofiq, «Ekologik transport» tizimi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
– birinchi bosqich (2025–2027 yillar): Toshkent shahri hududida sinov tariqasida joriy etiladi;
– ikkinchi bosqich (2028–2030 yillar): Nukus shahri, barcha viloyat markazlari hamda zarurat bo‘lgan ekologik hududlarda, jumladan, sayyohlik markazlari, tabiat qo‘riqxonalari, dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarida yo‘lga qo‘yiladi;
– uchinchi bosqich (2031–2034 yillar): mamlakatning barcha hududlarida to‘liq amalga oshiriladi.
Avtomobilning atrof-muhitga ta’sirini baholash uchun ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan ekologik sinf («Yevro» standarti) asos qilib olinadi. Agar transport vositasining ekologik toifasi haqida ma’lumot bo‘lmasa, u holda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi «Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi» davlat unitar korxonasi maxsus diagnostika orqali tekshiruv o‘tkazadi va xulosa chiqaradi.
Ekostikerlar turli rangda beriladi:
– yashil – me’yorga to‘liq javob beradigan, atmosferaga minimal ta’sir ko‘rsatuvchi avtomobillarga;
– sariq – o‘rtacha ifloslanish darajasiga ega bo‘lgan transport vositalariga;
– qizil – ifloslantiruvchi moddalar tashlamasi yuqori bo‘lgan avtomobillarga beriladi.
O‘zbekistonda avtomobillar uchun ekostiker joriy etish kechiktirildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar