Changan kompaniyasi o‘zining zamonaviy sedani Nevo 07’ni yangilab, Xitoyda rasman taqdim etdi. Yangi modelning boshlang‘ich narxi 19 640 dollar etib belgilandi va xaridorlar uchun turli komplektatsiyalarda taklif qilinmoqda.
Dizayn jihatidan Nevo 07 ko‘plab o‘zgarishlarga ega bo‘ldi. Mashinaning old qismida faralar yanada ingichka ko‘rinishga ega bo‘lib, ular zamonaviy uslubda bamperga joylashtirilgan. Eshik tutqichlari kuzovga cho‘ktirilgan holatda ishlangan, orqa qismida esa dinamiklikni oshiradigan spoyler qo‘shilgan.
Avtomobil o‘lchamlari ham aniq ko‘rsatilgan: uzunligi 4905 mm, eni 1910 mm, balandligi 1480 mm va g‘ildiraklar bazasi 2900 mm. Bu ko‘rsatkichlar bilan Nevo 07 Toyota Camry’ning 2025 yilgi avlodidan deyarli qolishmaydi. Yangi sedan 19 dyuymli g‘ildiraklar bilan jihozlangan.
Salon qismida an’anaviy panel o‘rniga 15,4 dyuymlik yagona displey o‘rnatilgan. U Qualcomm Snapdragon 8155 protsessori asosida ishlaydi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 2 ta smartfonni simsiz quvvatlash imkoniyati ham mavjud.
Nevo 07 xaridorlarga ikki turda taklif etilyapti: elektromobil va gibrid versiya. Elektromobil turi bir marta to‘liq quvvatlanganda 730 kmgacha yo‘l bosishi mumkin. Uning batareyasi CATL ishlab chiqargan litiy temir fosfatli akkumulyator hisoblanadi.
Hibrid turi esa 268 ot kuchiga ega elektromotor va 97 ot kuchi bo‘lgan 1,5 litrli ichki yonuv dvigateli bilan ishlaydi. Unda CATL ishlab chiqargan 35,1 kWh sig‘imli batareya va 45 litrli yonilg‘i baki mavjud. Bu holda tokning o‘zida 310 km, gibrid rejimda esa 1570 kmgacha harakatlanish mumkin.
Changan Nevo 07’ning eng arzon komplektatsiyasi 19 640 dollarga baholangan bo‘lsa, eng yuqori top versiyasi 22 450 dollar narxida sotuvga chiqarildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!