date

Nogiron bolalar uchun ijtimoiy taksi xizmatlari butun mamlakatda kengaymoqda

Nogiron bolalar uchun ijtimoiy taksi xizmatlari butun mamlakatda kengaymoqda

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy taksi xizmati endilikda butun mamlakat bo‘ylab kengaymoqda. Bahor oylarida ushbu loyiha sinov tariqasida Toshkent, Samarqand va Andijon shaharlarida yo‘lga qo‘yilgan edi. Endi esa unga yana 11 ta shahar qo‘shildi: Buxoro, Qarshi, Farg‘ona, Urganch, Qo‘qon, Jizzax, Namangan, Navoiy, Nukus, Guliston va Xiva. Shunday qilib, hozirda xizmat 14 ta shaharda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi tomonidan Yandex Uzbekistan bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu esa nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari uchun katta qo‘llab-quvvatlash va qulaylikni ta’minlaydi.

Amalda bu nima anglatadi? Nogiron bola endi maktabga taksi orqali osonlik bilan borib-kelishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, davlat har bir bola uchun oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravar qiymatiga teng — 494 400 so‘mgacha transport xarajatlarini qoplaydi. Kompensatsiya miqdori esa bolaning nogironlik darajasi va imtiyoz turiga qarab safar qiymatining 60% yoki 100% qismini tashkil etishi mumkin.

Safarni Yandex Go mobil ilovasi orqali buyurtma qilish mumkin. Ilovada nogironlar aravachasi bilan harakatlanuvchi yo‘lovchilar uchun maxsus imkoniyatlar mavjud: “Nogironlar aravachasida bo‘laman” yoki “Mashina topishga yordam bering”. Shu tariqa, platforma har bir oilaga qulaylik va erkinlik yaratadi.

Muxim jihati — Yandex Go bu buyurtmalardan daromad olmaydi. Kompensatsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri haydovchilarga yo‘naltiriladi va xizmat komissiyasi olinmaydi. Bu esa xizmatning shaffof va samarali bo‘lishini ta’minlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Nogiron bolalar uchun ijtimoiy taksi xizmatlari butun mamlakatda kengaymoqda