Qozog‘istonda 2027-yilgacha haydovchisiz taksilarni tijoriy asosda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Digital Bridge forumida mahalliy Jet Sharing IT-kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha ma’lum qilindi.
Tizim sun’iy intellekt asosida faoliyat yuritadi va nafaqat avtomobil harakatini, balki buyurtmalarni taqsimlash hamda narx belgilash jarayonlarini ham avtomatik tarzda boshqaradi. Dastlabki sinovlar uchun Alatau City shaharchasi tanlangan, keyingi bosqichlarda loyiha Ostana va Olmaota shaharlarida ham amalga oshiriladi.
Jet Sharing asoschisi Meyrambek Abelkasovning ta’kidlashicha, kompaniya 2026-yilda sinov bosqichini boshlash va 2027-yilda to‘liq ishga tushirishni maqsad qilgan. Loyiha uchun eng muhim texnik vazifa — shaharning yuqori aniqlikdagi 3D navigatsion xaritasini yaratish hisoblanadi.
Forum davomida bir qator innovatsion sun’iy intellekt loyihalari ham taqdim qilindi:
Protektor AI — maktab va bog‘chalarda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi tizim bo‘lib, hozirda Qozog‘istonning 60 dan ortiq muassasasida faoliyat yuritmoqda.
Defect AI — tibbiy xatolarni kamaytirish va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan AI-audit tizimi bo‘lib, allaqachon sakkizta klinikada joriy etilgan.
PocketDot — ko‘zi ojiz insonlar uchun yaratilgan innovatsion qurilma bo‘lib, foydalanuvchilarga Brayl yozuvida xabar yuborash, onlayn to‘lovlar amalga oshirish va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish imkonini taqdim etadi.
Shu tariqa, Qozog‘istonda sun’iy intellekt asosidagi xizmatlar va avtomatlashtirilgan texnologiyalar aholi hayotini yanada qulay va samarali qilish yo‘lida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!