2025-yilning uchinchi choragida dunyodagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Mercedes-Benz kompaniyasi savdo hajmida sezilarli pasayish kuzatildi. Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kompaniyaning global sotuv ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12 foizga kamaygan.
Kompaniya ma’lumotida ta’kidlanishicha, Yevropada, Janubiy Amerikada va Fors ko‘rfazi mintaqasida sotuvlar barqaror bo‘lganiga qaramay, asosiy tushish Xitoy bozorida qayd etilgan. Mercedes-Benz direktorlar kengashi a’zosi Mattias Gayzenning so‘zlariga ko‘ra, "uchinchi chorakdagi natijalarga asosan, ayni paytdagi bozor sharoitlari Xitoydagi faoliyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatdi".
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning eng katta avtomobil bozorlari — AQSH va Xitoydagi sotuv hajmi mos ravishda 17 va 27 foizga pasaygan. Bu holat Mercedes-Benz uchun so‘nggi yillardagi eng yirik qiyinchiliklardan biri bo‘ldi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, kompaniya boshqa nemis ishlab chiqaruvchilari kabi AQSH prezidenti Donald Tramp hukumati tomonidan joriy etilgan yangi tariflar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning kuchaygan raqobati bilan to‘qnash kelgan.
Shuningdek, Mercedes-Benz 2025-yil uchun ilgari belgilangan ishlash prognozini ham qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi. Bu qarorga asosiy sabab sifatida global bozordagi beqarorlik, ayniqsa Xitoydagi talabning pasayishi ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, kompaniya Yevropa va Yaqin Sharqdagi sotuv ko‘rsatkichlarini barqaror ushlab turishga harakat qilmoqda. Ammo iqtisodiy beqarorlik va geosiyosiy omillar avtomobil sanoatiga bosimni davom ettirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, Mercedes-Benz uchun eng muhim vazifa — elektr avtomobillar bozoridagi raqobatni kuchaytirish va yangi modellar orqali ishonchni qayta tiklash bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!