
Mercedes-Benz elektromobillarni quvvatlash vaqtini keskin qisqartirish bo‘yicha yangi bosqichga o‘tdi. Kompaniyaning maqsadi — elektromobilni quvvatlashni benzin quyish jarayonidek tez va qulay qilish, deb yozmoqda ixbt.com sayti.
Shu maqsadda V-Class bazasida yaratilgan tajriba avtomobili — mobil laboratoriya ishlab chiqilgan. U beshta quvvat portiga ega bo‘lib, yuqori kuchlanishli energiya uzatish, batareyani sovitish, ikki tomonlama quvvatlanish (V2H va V2G), avtomatik induktiv hamda quyosh energiyasi asosida quvvat olish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazmoqda.
Mercedes-Benz quvvat tizimlari bo‘limi rahbari Malte Sivers ta’kidladi:
“Navbatdagi kurash — bu qulaylik uchun. Mijozlar quvvatlash jarayoni benzin quyish kabi tez va silliq bo‘lishini istashadi. Biz aynan shunga e’tibor qaratayapmiz.”
Avtomobil ikki portli CCS tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, u 900 kVt gacha quvvat berishi mumkin. Maksimal 1000 amper tokda u 100 kVt·soatli batareyani atigi 10 daqiqada to‘ldiradi.
Bundan tashqari, MCS (megavattli quvvat tizimi) ham sinovdan o‘tmoqda — u 1000 kVtdan ortiq quvvat yetkazib bera oladi.
Yana bir muhim yo‘nalish — ikki tomonlama quvvatlanish texnologiyasi bo‘lib, u avtomobilni uy, tarmoq yoki tashqi qurilmalarni quvvatlantirish vositasiga aylantiradi. Tizim AC va DC tok bilan ishlaydi va uning ommaviy ishlab chiqarilishi boshlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.