
Qatar poytaxti Dohada haydovchisiz taksilar — robotaksilar rasman ishga tushirildi. Bu haqda mamlakatning milliy transport operatori Mowasalat (Karwa) ma’lum qildi. Loyihaning asosiy maqsadi shahar transportini zamonaviy, xavfsiz va samarali qilishdan iborat.
Ma’lum bo‘lishicha, robotaksiga Karwa mobil ilovasi orqali buyurtma berish mumkin. Foydalanuvchi yo‘nalishni tanlagach, tizim yaqin atrofda mavjud bo‘lgan haydovchisiz taksini aniqlaydi va safar uchun aynan shu transport vositasini taklif qiladi.
Taksi manzilga yetib kelgach, yo‘lovchi bilan bo‘lgan barcha o‘zaro aloqalar — harakatni boshlash, safarni boshqarish va yakunlash — to‘liq mobil ilova orqali amalga oshiriladi. Mashinada haydovchi bo‘lmaydi, boshqaruv esa ilg‘or avtonom texnologiyalar orqali bajariladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu loyiha avtonom transportni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Robotaksi xizmati Qatarning uzoq muddatli strategiyasi — Qatar National Vision 2030 dasturi doirasida joriy etilgan bo‘lib, mamlakat Transport vazirligi tomonidan qat’iy nazorat qilinmoqda.
Robotaksilar zamonaviy sensorlar, sun’iy intellekt va avtomatik boshqaruv tizimlari yordamida harakatlanadi. Bu esa yo‘lovchilar uchun xavfsizlik, qulaylik va vaqt tejalishini ta’minlashga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.