Xitoy 2025 yilda avtosavdoda AQShni katta farq bilan ortda qoldirdi

“Avtostat” agentligi GlobalData ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2025 yil yakunlariga ko‘ra Xitoy yengil va yengil tijorat avtomobillari savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Qayd etilishicha, Xitoy bu ko‘rsatkichda AQShni sezilarli farq bilan ortda qoldirgan.
GlobalData tadqiqotiga ko‘ra, 2025 yilda dunyo bo‘ylab jami 91,9 million dona yengil va yengil tijorat avtomobili sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 3,6 foizga ko‘p bo‘lib, bozor tiklanishi va talabning barqarorlashgani bilan izohlanmoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori natija Xitoyda qayd etildi — 26,8 mln dona avtomobil sotilib, bu AQSh ko‘rsatkichidan 10,5 mln donaga ko‘p. AQShda 16,3 mln, G‘arbiy Yevropada 13,4 mln, Sharqiy Yevropada esa 4,6 mln dona avtomobil sotilgan. Tahlilchilar Janubiy Amerikadagi o‘sishni alohida ajratib ko‘rsatib, mintaqada 3 mln dan ortiq avtomobil sotilgani va bu 2024 yilga nisbatan 8,8 foizlik eng yuqori o‘sish sur’ati ekanini qayd etmoqda; rivojlangan bozorlarda ham ijobiy dinamika kuzatilib, Janubiy Koreyada 3,5 foiz, Yaponiyada 3,3 foiz va Kanadada 3,2 foizlik o‘sish qayd etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!