Yo‘l harakati qoidalari buzilishini endi kamera ham hisoblaydi

2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalari buzilishini aniqlashda yangi mexanizm joriy etiladi. Endilikda yo‘llarda o‘rnatilgan avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar ham haydovchilarning jarima ballari tizimida hisobga olinadi. Bu tadbir haydovchilarning mas’uliyatini oshirish va yo‘llarda xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari faqat YHX xodimlari tomonidan emas, balki kameralar orqali ham qayd etilgan taqdirda jarima ballariga ta’sir qiladi. Shuningdek, yangi tartibda jarima ballarini taqsimlash mexanizmi ham joriy etiladi.
Unga muvofiq, agar transport vositasini uning rasmiy egasi emas, balki boshqa shaxs ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi asosida boshqargan bo‘lsa, jarima ballari qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchiga yuklanadi. Bu esa yo‘llarda intizomni mustahkamlash, adolatli javobgarlikni ta’minlash va qoidabuzarliklarni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.
Yo‘l harakatidagi bunday yangiliklar haydovchilar uchun e’tibor va mas’uliyatni yanada kuchaytirib, harakat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!