Xitoyda elektromobillar uchun dunyodagi eng yirik qishki sinov poligoni qurilmoqda

Xitoyning CATARC davlat tadqiqot markazi ekstremal sovuq sharoitlarda aqlli transport vositalarini sinovdan o‘tkazish uchun dunyodagi eng yirik bazani qurishni boshladi. Ichki Mo‘g‘uliston avtonom tumanida joylashadigan ushbu majmua 2028-yilga kelib to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 67 gektar maydonni egallaydigan ICNEV nomli mazkur poligon elektromobillar, avtonom boshqaruv tizimlari va zamonaviy raqamli platformalarni qamrab oladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Loyihaning eng muhim jihati — yopiq hududda sun’iy qor hosil qilish tizimidir. Bu dunyodagi birinchi shunday markaz bo‘lib, muhandislarga qor yog‘ishi, muz qoplamining sirpanchiqligi va harorat kabi parametrlarni nazorat ostida boshqarish imkonini beradi. Bu esa avtomobillarning akkumulyator tizimlari va elektron boshqaruv bloklarini turli qishki sharoitlarda aniq sinovdan o‘tkazishga xizmat qiladi.
CATARC vitse-prezidenti Li Veyning ta’kidlashicha, yangi baza elektromobillar sanoatidagi asosiy muammolardan biri — sovuq havoda texnikaning ishonchliligini standartlashtirish masalasini hal qiladi. Hozirgi kunda sinovlar ko‘p jihatdan tabiiy ob-havoga bog‘liq bo‘lib, bu jarayonni sekinlashtiradi. Yangi majmua esa qayta tiklanadigan va aniq o‘lchanadigan sinov muhitini yaratish orqali xavfsizlik standartlarini yangi bosqichga olib chiqadi.
Xitoyda elektromobillar bozori jadal o‘sib bormoqda: 2025-yilda mamlakatda 16,6 milliondan ortiq elektromobil va gibrid ishlab chiqarilgan. Ushbu texnologik baza Xitoy avtomobilsozlik sanoatining Yevropa va Shimoliy Amerika kabi sovuq iqlimli hududlardagi raqobatbardoshligini oshirishda strategik ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!