Yangi Rossiya brendi Esteo MX krossoverini taqdim etdi

Rossiyaning yangi Esteo brendi o‘zining ilk modeli — o‘rta o‘lchamli Esteo MX premium-krossoverini namoyish qildi. Avtomobilning uzunligi 4775 mm, kengligi 1890 mm va balandligi 1725 mm ni tashkil etadi, g‘ildirak bazasi esa 2800 mm ga teng. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kapot ostida 197 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbomotor o‘rnatilgan bo‘lib, u 8-pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi va to‘liq uzatmali tizim bilan hamkorlikda ishlaydi. Krossover 210 mm klirensga ega bo‘lib, osma tizimi alyuminiy richaglar va gidronapolnenniy saylentbloklar bilan jihozlangan.
Salonning old paneli uchta ekranni o‘z ichiga oladi: 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli, 15,6 dyuymli media-tizim va yo‘lovchi uchun alohida 12,3 dyuymli displey. Shuningdek, 50 Vt quvvatli simsiz quvvatlash qurilmasi, 21 ta dinamikdan iborat BOYA Sound audio-tizimi va panoramali tom mavjud.
Qishki paket doirasida rul, barcha o‘rindiqlar, oynalar va yuvish tizimi forsunkalarini isitish funksiyalari ko‘zda tutilgan. Top-komplektatsiyada Nappa terisi bilan qoplangan, massaj va ventilyatsiya funksiyalariga ega o‘rindiqlar hamda havo ionizatsiyasi tizimi taqdim etiladi.
Esteo MX ishlab chiqarilishi Shusharidagi AGR zavodida yo‘lga qo‘yiladi. Modelning Rossiya bozoriga chiqishi 2026-yilning yoziga mo‘ljallangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!