Honda yangi gibrid fastbek konsepsiyasini namoyish etdi

Honda kompaniyasi ikki yil ichida seriyali ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi gibrid fastbek konsepsiyasini taqdim etdi. Honda Hybrid Sedan Prototype nomi bilan tanilgan ushbu model o‘zining qiya tom chizig‘i va orqa qismidagi o‘tkir burchaklari bilan hozirgi Honda Accord modelini eslatadi. Garchi Accord Buyuk Britaniya bozoridan chiqarib tashlangan bo‘lsa-da, u AQSh bozorida yapon brendi uchun muhim o‘rin tutishda davom etmoqda. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Yangi avtomobil Honda kompaniyasining navbatdagi avlod gibrid tizimi bilan jihozlanadi. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, mazkur kuch agregati dunyodagi eng samarali tizim bo‘lib, hozirgi gibrid texnologiyalarga nisbatan 10 foizga tejamkorroq va ishlab chiqarish tannarxi bo‘yicha 30 foizga arzonroq bo‘ladi. Bu kompaniya foydasini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Honda o‘z e’tiborini qaytadan gibrid modellarga qaratmoqda. Bu qaror kompaniyaning 2025-2026 yillarda ilk bor 423,9 milliard iyen miqdorida yillik zarar ko‘rishi ortidan qabul qilindi. Moliyaviy yo‘qotishlar asosan elektromobillar ishlab chiqarish dasturlaridan voz kechish va Sony bilan hamkorlikdagi Afeela brendini yopish bilan bog‘liq.
Kompaniya boshqaruvchi ijrochi direktori Eiji Fujimura elektromobil loyihalarini bekor qilish bilan bog‘liq xarajatlar 2,5 trillion iyenani tashkil etishini ma’lum qildi. Honda rahbariyati ushbu qaror biznes nuqtai nazaridan qiyin bo‘lganini tan olgan bo‘lsa-da, bu elektromobil texnologiyalaridan butunlay voz kechishni anglatmasligini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!