Sollers SP7 minivenining to‘rt o‘rinli lyuks versiyasi taqdim etildi

Rossiyaning Sollers SP7 miniveni uchun yangi to‘rt o‘rinli lyuks versiya tayyorlandi. Avtopotok xabariga ko‘ra, ushbu modelga buyurtmalar 1-iyundan boshlab qabul qilinadi. Avtomobil saloni yuqori sifatli materiallar bilan bezatilgan bo‘lib, haydovchi va yo‘lovchilar qismini ajratib turuvchi maxsus to‘siq hamda unga o‘rnatilgan monitor bilan jihozlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Modelning bazaviy versiyasi ham boy jihozlarga ega: charm qoplama, o‘rindiqlarni elektr boshqarish, isitish va ventilyatsiya tizimlari, shuningdek, uch zonali iqlim nazorati mavjud. Ikkinchi qatordagi alohida o‘rindiqlar massaj funksiyasi bilan ta’minlangan. Texnik imkoniyatlar qatoriga ikkita 12,3 dyuymli ekran, 12 ta dinamikdan iborat audio tizim va simsiz quvvatlash qurilmasi kiradi.
Avtomobil kapoti ostida 237 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbomotor o‘rnatilgan. U 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi va oldingi uzatmalar tizimi bilan hamkorlikda ishlaydi. Ishlab chiqaruvchi model uchun 5 yil yoki 150 000 kilometr masofaga kafolat taqdim etadi.
Hozircha yangi to‘rt o‘rinli modifikatsiyaning narxi e’lon qilinmagan. Taqqoslash uchun, standart Sollers SP7 minivenining tavsiya etilgan chakana narxi 4 990 000 rublni tashkil etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!