Italiya avtomobil brendi Itala 92 yildan so'ng qayta tiklandi

Tarixiy Italiya avtomobil brendi Itala 92 yillik tanaffusdan so'ng qayta tiklandi. Loyihaning texnik qismi uchun sobiq Ferrari texnik direktori Roberto Fedeli mas'ul etib tayinlandi. Ushbu tashabbus so'nggi 20 yil davomida Xitoy avtomobillarini Yevropa bozoriga moslashtirib kelayotgan DR Automobiles kompaniyasining kengayish strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Turin avtosalonida taqdim etilgan ilk zamonaviy Itala 35 modeli GAC Trumpchi GS3 negizida yaratilgan 4,4 metrli krossoverdir. Avtomobilning narxi 35 ming yevrodan boshlanadi. Fedeli boshchiligidagi jamoa osma tizimni qayta ishlab chiqqan bo'lsa, Italdesign kompaniyasi tashqi ko'rinishni, mahalliy firmalar esa qizil charm va Alcantara bilan qoplangan interyerni yangilashdi.
DR Automobiles o'zining "Tarixiy Italiya brendlari" rejasi doirasida Macchia d'Iserniadagi zavodida 50 million yevrolik sarmoya evaziga ikkita yangi ishlab chiqarish liniyasini ochishni rejalashtirmoqda. Bu loyiha 500 ga yaqin yangi ish o'rnini yaratishi kutilmoqda.
Kompaniya yaqin kelajakda Itala va yana bir qayta tiklangan Osca brendi uchun 50 ta dilerlik markazini ochishni maqsad qilgan. Dastlabki dilerlik markazi brendning tarixiy vatani bo'lgan Turin shahrida o'z eshiklarini ochdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!