Geely Monjaro yetakchilikni saqlab qolmoqda: Rossiyada brend savdosi keskin oʻsdi

Geely kompaniyasi Rossiya bozoridagi oʻz pozitsiyasini mustahkamlashda davom etmoqda. May oyi brend uchun yil boshidan buyon eng muvaffaqiyatli davr boʻldi — bir oy ichida rossiyaliklar 6836 dona avtomobil xarid qilishdi. Yil boshidan buyon jami sotilgan avtomobillar soni esa 29 mingdan oshib ketdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu koʻrsatkichlar Geely brendiga Rossiya avtomobil bozoridagi barcha ishlab chiqaruvchilar orasida toʻrtinchi oʻrinni egallash imkonini berdi. Savdolarning oʻsishiga ham bozorda oʻz oʻrniga ega boʻlgan modellar, ham yaqinda taqdim etilgan yangiliklar sezilarli hissa qoʻshdi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, Geely Monjaro, Cityray va Atlas kabi modellar hamon yuqori talabga ega. Shuningdek, aprel oyi oʻrtalarida debyut qilgan yangi ixcham krossover Geely Coolray va gibrid texnologiyali Geely EX5 EM-i modellari ham xaridorlar eʼtiborini tortmoqda.
Hozirgi vaqtda brendning Rossiyadagi modellar qatori sakkizta avtomobildan iborat: Preface sedani, Coolray, Cityray, Atlas, Okavango va Monjaro krossoverlari, shuningdek, elektr quvvatli EX5 va gibrid EX5 EM-i. Taʼkidlash joizki, iyun oyidan boshlab ushbu modellarning klonlari hisoblangan Volga K50, Volga K40 va Volga C50 sotuvga chiqishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!