Geely rekord darajadagi 48,41% foydali ish koeffitsiyentiga ega dvigatelni taqdim etadi

Geely kompaniyasi beshinchi avlodga mansub Emgrand i-HEV Zhiqing Hybrid sedanini 16-iyun kuni rasman namoyish etishini eʻlon qildi. BMA Evo platformasida qurilgan yangi model Geely i-HEV gibrid majmuasi bilan jihozlangan. Texnik xususiyatlariga koʻra, ushbu budjetli sedan avvalroq Geely Monjaro va Geely Preface modellarida qoʻllanilgan gibrid tizimga ega boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tashqi koʻrinishidan gibrid Emgrand benzinli versiyadan deyarli farq qilmaydi. Sedan vertikal lamellarga ega firma panjarasi, svetodiodli optika va mustahkamlangan kuzov konstruksiyasini oldi. Ishlab chiqaruvchi maʻlumotlariga koʻra, kuzovning buralishga chidamliligi 26 000 N·m/gradusni tashkil etadi, yuqori mustahkamlikdagi poʻlat ulushi esa qariyb 70 foizga yetadi.
Kuch qurilmasi tarkibiga issiqlik foydali ish koeffitsiyenti (FIK) rekord darajadagi 48,41% boʻlgan 1,5 litrli ichki yonuv dvigateli va ikkita elektromotor kiradi. Tizimning umumiy quvvati 313 ot kuchiga teng. Avtomobil vaqtning 80 foizidan koʻprogʻida toza elektr energiyasida harakatlanishi mumkin, bunda 66 km/soat tezlikkacha faqat elektr motorlar ishlaydi.
Salonda qulaylikni oshirish uchun Geely shovqinni faol pasaytirish va dvigatelni intellektual boshqarish texnologiyalarini qoʻllagan. Natijada salondagi shovqin darajasi toʻliq elektromobillardagidan atigi 1 dB ga yuqori, xolos. Boshqaruv uchun AI 2.0 tizimi va Xingrui AI Cloud Power 2.0 bulutli platformasi masʻul boʻlib, ular atrof-muhit parametrlarini tahlil qilgan holda eng samarali ish rejimini tanlaydi.
Gibrid Emgrand GEEA 3.0 elektron platformasiga ega boʻlib, u haydovchiga yordam tizimlari, multimedia, shassi va kuch qurilmasining yagona raqamli tizim orqali hamohang ishlashini taʻminlaydi. Kompaniya hisob-kitoblariga koʻra, intellektual boshqaruv energiya sarfini qoʻshimcha 10 foizga kamaytirish imkonini beradi.





























Izohlar 0
…