Rossiya avtomobil bozorida 2026-yilning eng xaridorgir modellari va komplektatsiyalari

2026-yilning dastlabki besh oyi yakunlariga koʻra, Rossiya avtomobil bozorida talabning asosiy yoʻnalishlari va xaridorlarning afzalliklari maʼlum boʻldi. “Avito Avto” ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan tahlillar shuni koʻrsatadiki, bozorda hamon hamyonbop modellar va ularning sodda texnik yechimlarga ega versiyalari yetakchilik qilmoqda. Bu tendensiya ayniqsa mahalliy ishlab chiqaruvchilar va Xitoy brendlari segmentida yaqqol koʻzga tashlanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Reytingning mutlaq yetakchisi sifatida Lada Granta qayd etildi. Mazkur modelning 90 ot kuchiga ega, 1,6 litrli dvigatel va 5 pogʻonali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan versiyasi eng koʻp sotilayotgan modifikatsiya boʻlib turibdi. Qizigʻi shundaki, ushbu versiyaga boʻlgan talab 106 ot kuchiga ega kuchliroq modifikatsiyadan uch baravar yuqori. Xaridorlar asosan “Standart plyus” va “Klassik” komplektatsiyalariga ustunlik bermoqda.
Krossoverlar segmentidagi yetakchilar
Xorijiy brendlar orasida Haval Jolion krossoveri oʻz pozitsiyasini mustahkamlab kelmoqda. “ixbt.com” ma’lumotiga koʻra, ushbu modelning 1,5 litrli, 143 ot kuchiga ega oldi uzatmali versiyasi eng ommabop hisoblanadi. Transmissiya borasida xaridorlar robotlashtirilgan qutidan koʻra 6 pogʻonali mexanikani koʻproq afzal koʻrishmoqda. Shuningdek, “Optimum” komplektatsiyasiga boʻlgan qiziqish yil davomida 29 foizga oshgan.Yoʻltanlamaslar toifasida Lada Niva Travel oʻzining yangilangan 1,8 litrli (90 ot kuchi) dvigateli bilan diqqat markazida boʻlib turibdi. Toʻliq uzatmali ushbu avtomobilning yangi motorli varianti eski 83 ot kuchiga ega versiyadan bir yarim baravar koʻproq soʻralmoqda. Xaridorlar narxi 1,4 million rubldan boshlanadigan bazaviy “Klassik” va 1,8 million rubllik “Texno” versiyalari oʻrtasida deyarli teng taqsimlangan.
Xitoy va koreys texnologiyalari raqobati
Yangi Tenet T7 krossoveri ham bozorda oʻz oʻrnini topishga ulgurdi. Mazkur modelning 1,6 litrli turbomotorli va oldi uzatmali varianti toʻliq uzatmalisiga qaraganda 30 foizga ommabop boʻlib chiqdi. Bu holat shahar sharoitida foydalanish uchun tejamkor va sodda transmissiyaga ega krossoverlarga boʻlgan ehtiyoj yuqoriligini koʻrsatadi. Tenet T7 modelida “Aktiv” komplektatsiyasi eng koʻp qidirilayotgan versiya boʻlib turibdi.Shuningdek, bozorda Solaris HC (sobiq Hyundai Creta) modeliga ham talab barqaror. Ushbu avtomobil xaridorlari koʻpincha quyidagi texnik xususiyatlarni tanlamoqda:
- 1,6 litrli, 123 ot kuchiga ega dvigatel;
- 6 pogʻonali avtomatik uzatmalar qutisi;
- Toʻliq uzatma tizimi;
- “Praym” va “Klassik” komplektatsiyalari.






























Izohlar 0
…