15:13 / 13.02.2023
664

Volkswagen Slovakia O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qiladi

Volkswagen Slovakia O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qiladi
Foto: Volkswagen Slovakia
O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev Slovakiya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi prezidenti, Volkswagen Slovakia avtomobil ishlab chiqarish zavodining tashqi aloqalar bo‘yicha direktori A.Matushek bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Muzokaralarda O‘zbekiston mehnat bozoridagi salohiyatli ishchi kuchini ish bilan ta’minlash, xorijiy davlatlarga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish, mehnat migrantlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Slovakiya avtomobil sanoati sohasida O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

A.Matushek Volkswagen Slovakia zavodi Slovakiyadagi eng yirik kompaniya va ish beruvchilardan biri ekanligini ta’kidladi. Bugungi kunda kompaniyaning doimiy ishchilari soni 12 mingdan ortiq bo‘lib, butlovchi qismlar yetkazib beruvchi subkorxonalarda 50 mingga yaqin mutaxassis faoliyat yuritishi qayd etildi.

Kompaniya hozirda Volkswagen Touareg, Audi Q7, Audi Q8, Porsche Cayenne, Porsche Cayenne Coupé, Volkswagen up, Volkswagen e-up elektrokari hamda Škoda Karoq rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqarmoqda.

Slovakiya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi prezidenti Volkswagen Slovakia 2023 yilda avtomobil ishlab chiqarish salohiyatini oshirmoqchi ekanligini hamda kompaniyaning yangi rivojlanish strategiyasiga asosan 1500 nafar ishchiga ehtiyoj mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatning avtomobilsozlik sektoridagi o‘sish tendensiyasi bir yilda qo‘shimcha 10 mingga yaqin mutaxassisni ish bilan ta’minlash imkoniyatini yaratmoqda.

Mazkur sohadagi amaliy hamkorlikning birinchi bosqichi sifatida Slovakiya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo