
Foto: Getty Images
“Santos” klubi futbolchisi Neymar oʻzining mashinalar kollektsiyasini Braziliyaga olib kelolmaydi, deb yozadi Daryo nashri.
Diario Sport nashrining yozishicha, Braziliyadan tashqarida 12 yil oʻynab futbolchi hashamatli avtomobillar kollektsiyasini toʻplagan. Mashinalarning salmoqli qismi Saudiya Arabistonidagi faoliyati davomida yigʻilgan.
Futbolchining avtoulov parkida Rolls-Royce Ghost (ikkinchi avlod), Aston Martin DBX, Bentley Continental GT, Lamborghini Huracan va toʻrtta Mercedes-Benz C-Class kabi modellar bor.
Qayd etilishicha, uning eng qimmat avtomobillari “Al-Hilol” bilan tuzilgan shartnoma doirasida sotib olingan. Klub unga yillik 160 million yevro daromaddan tashqari, har tomonlama imtiyozlar ham taqdim etgan.
Biroq hozirda Neymar oʻz superkarlaridan foydalana olmaydi. Braziliya qonunchiligiga koʻra, mahalliy avtomobil sanoatini himoya qilish va nohaq raqobatning oldini olish uchun ishlatilgan avtomobillar importi cheklangan. Mamlakatga faqat 30 yildan oshgan va kollektsiya buyumi sifatida qaraladigan avtomobillarni olib kirish mumkin.
Hozircha futbolchining avtomobillari qayerda ekani haqida aniq ma'lumot yoʻq. Ular Saudiya Arabistonida qolganmi yoki ularning keyingi manzili qayer boʻlishi haqida hech qanday ma'lumot berilmagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar